
Isroil va Eron o‘rtasidagi keskinlik neft narxini yana oshirdi
17.06.2025 | 18:0011403
Isroilning Eronga qarshi havo hujumlari va Janubiy Parsdagi yong‘in oqibatida neft bozori yanada iztirobga tushdi. Harbiy xavf ostidagi mintaqadagi noaniqliklar narxlarga bosim o‘tkazmoqda, garchi asosiy ta’minot yo‘nalishlari hozircha o‘zgarmagan bo‘lsa-da.

17 iyun kuni neft narxlari yana oshdi. Bunga Isroil va Eron o‘rtasidagi harbiy keskinlikning kuchayishi sabab bo‘lmoqda. Reuters axborotiga ko‘ra, Brent markali neft fyucherslari 1,94 foizga ko‘tarilib, barreli 74,65 dollarga yetdi. WTI nefti esa 1,73 foizga qimmatlab, 73,01 dollarni tashkil etdi.
Har ikkala neft markasi avvalgi sessiyada 2 foizdan ziyodroqqa o‘sgandi. Bu, o‘z navbatida, dushanba kuni 1 foiz atrofida pasaygan narxlarning tiklanishidir. Pasayishga sabab sifatida Eronning mojaroni tinchlantirish istagi haqidagi xabarlar ko‘rsatilgandi.
Ammo hozircha neft ta’minotida sezilarli uzilishlar kuzatilmadi. Shunga qaramay, Eron Janubiy Pars gaz konidagi faoliyatini qisman to‘xtatganini e’lon qildi. Bu hududdagi yong‘in Isroil havo hujumi ortidan kelib chiqqan. Shuningdek, Isroil Erondagi Shahron neft omborini ham nishonga olgani xabar qilingan.
Saxo Bank tahlilchisi Ule Hansenning ta’kidlashicha, bozor asosan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashishdagi uzilishlardan xavotirda. Biroq bu xavf hozircha past darajada. Unga ko‘ra, «Islom Respublikasi» uchun ushbu yo‘lni yopish manfaatli emas, chunki bu byudjet daromadlarini yo‘qotishiga olib keladi. AQSH esa, aksincha, neft narxini tushirish va inflyatsiyani pasaytirishga urinayotgan bir paytda bu kabi holatlarga qarshi.
Shuningdek, BAA Ko‘rfaz sohil qo‘riqchilari dushanba kuni Ho‘rmuz bo‘g‘oziga yaqin joydagi Ummon ko‘rfazida ikki tanker to‘qnashuvidan so‘ng, ADALYNN neft tankeridan 24 kishini evakuatsiya qilgani ma’lum qilindi.





