
Isroil va HAMAS muzokaralari 6 oktyabrda Sharm-esh-Sheyxda bo‘lib o‘tadi
05.10.2025 | 23:5011173
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuning ofisiga ko‘ra, G‘azo bo‘yicha muzokaralar 6 oktyabr kuni Misrning Sharm-esh-Sheyx shahrida boshlanadi va delegatsiyaga Ron Dermer rahbarlik qiladi.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuning rasmiy idorasi G‘azo sektoridagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha muzokaralar 6 oktyabr kuni Sharm-esh-Sheyxda o‘tkazilishini tasdiqladi. Ma’lumotga ko‘ra, Isroil delegatsiyasiga strategik rejalashtirish vaziri Ron Dermer rahbarlik qiladi.
«Bosh vazir Binyamin Netanyahu Isroil muzokarachilar delegatsiyasini vazir Ron Dermer boshchiligida Misrga yuborishni buyurdi. Delegatsiya ertaga Sharm-esh-Sheyxga yo‘l oladi», — deyiladi hukumat bayonotida.
Avvalroq Misr Tashqi ishlar vazirligi 6 oktyabr kuni Isroil va HAMAS delegatsiyalarini qabul qilishini ma’lum qilgan edi. Muzokaralardan asosiy maqsad — G‘azodagi garovda ushlab turilgan isroilliklarni ozod qilish va ularni Isroil qamoqlaridagi falastinlik mahbuslar bilan almashish shartlarini muhokama etishdir.
Eslatib o‘tamiz, HAMAS harakati juma kuni AQSH prezidenti Donald Trampning rejasiga muvofiq, barcha tirik isroillik garovdagilarni ozod qilish va halok bo‘lganlarning jasadlarini topshirishga tayyorligini bildirgan edi.
Shundan so‘ng Donald Tramp Isroilni G‘azo sektoridagi zarbalarni darhol to‘xtatishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu chora garovdagilarni xavfsiz ozod qilish uchun zarur. Netanyahuning kanselyariyasi Isroil hukumatining garovdagilarni ozod etish bo‘yicha Tramp rejasining birinchi bosqichini amalga oshirishga kirishganini ma’lum qildi.
Avvalroq HAMAS BMT qoshidagi Misr va Falastin xavfsizlik kuchlaridan iborat maxsus organga qurol topshirishga rozi ekanligi haqida xabar bergan edik.





