
Isroil vaziri G‘azoga yordamni butunlay to‘xtatishga chaqirdi
26.06.2025 | 19:0047414
Itamar Ben Gvir: Yordamni to‘xtatish G‘alabani tezlashtiradi.

Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben Gvir xalqaro hamjamiyatga murojaat qilib, G‘azo sektoriga gumanitar yordamni butunlay to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Vazir G‘azoga kirib kelayotgan gumanitar yordamni «mutlaq sharmandalik» deb atab, uni vaqtincha emas, balki to‘liq to‘xtatish lozimligini ta’kidlagan.
«Men bir necha bor ogohlantirganman. Afsuski, bir yarim oy oldin yordam kiritilishining oldini olish uchun ovoz bergan yagona kishi men edim. Men yordam HAMAS’ga foyda keltiradi, deb ishonganman. O‘shanda ba’zilar men bilan masxara qilgan, yordam faqat shimoliy sektorga 10 kun davomida kiritilishi haqida gapirishgandi.
Bugun esa aniq: HAMAS oziq-ovqat va tovarlar miqdorini nazorat qilmoqda va bu uning omon qolishiga yordam berayapti. Yordamni to‘xtatish g‘alabaga erishishni tezlashtiradi. Men bosh vazirdan Vazirlar Mahkamasining navbatdagi yig‘ilishida bu masalani yana ovozga qo‘yishni talab qilaman», — degan Itamar Ben Gvir.
Bu Ben Gvirning G‘azoga gumanitar yordamni to‘xtatishga birinchi marta chaqiriq qilish holati emas. U 2024 yilda ham shunday murojaat bilan chiqish qilgan edi. Shuning ortidan Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya, Norvegiya va Buyuk Britaniya uning va yana bir vazirning faoliyatiga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan.
Britaniya hukumati: «Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben Gvir va moliya vaziri Betsalel Smotrishga sayohat taqiqlanadi va aktivlari muzlatib qo‘yiladi», — deya bayonot bergan.
Ikki vazir ham G‘arbiy Sohil va G‘azodagi urush bo‘yicha bildirgan «g‘azabli» izohlari uchun xalqaro tanqidga uchragan.





