Isroil Xominaining joylashuvini ko‘cha kameralari orqali aniqlagan

04.03.2026 | 10:252 daqiqa

Isroil xakerlari shahar videokuzatuv tizimini buzib kirib, Eron oliy rahbariyati haydovchilarining barcha harakatlanish yo‘nalishlarini o‘rganib chiqqan.

Isroil Xominaining joylashuvini ko‘cha kameralari orqali aniqlagan

Yillar davomida olib borilgan kuzatuv

Isroil yillar davomida Tehron shahrini kuzatib kelgan va oliy rahnamo Ali Xominaiga zarba berishga tayyorgarlik ko‘rish uchun shahar videokuzatuv tizimidan foydalangan. Bu haqda operatsiyadan xabardor manbalarga tayanib, «Financial Times» nashri xabar bermoqda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil razvedkasi Eron poytaxtidagi deyarli barcha yo‘l kameralarini buzib kirgan. Ular kamera yozuvlarini shifrlab, Isroildagi serverlarga uzatib turgan. Tahlilchilar yuqori martabali amaldorlarning tansoqchilari va haydovchilarining yo‘nalishlarini kuzatib, ularning ish jadvali, avtoturargohlari va yashash manzillarini qayd etib borgan. Shu tariqa maxsus xizmatlar har bir guruh aynan kimni qo‘riqlashini va oliy rahnamoning o‘zi qaysi vaqtlarda ularning yonida bo‘lishini aniqlagan.

Aloqa tizimlari ham izdan chiqarilgan

FT manbalarining ta’kidlashicha, kameralar keng ko‘lamli kampaniyaning bir qismi bo‘lgan, xolos. Zarbadan oldin Isroil mutaxassislari Xominaining qarorgohi joylashgan Paster ko‘chasi yaqinidagi o‘ndan ortiq mobil aloqa minoralari ishini izdan chiqargan. Qo‘riqchilarning telefonlari tarmoq bandligini ko‘rsatib, qo‘ng‘iroqlarni qabul qilmagan. Bu esa qo‘riqlash guruhini o‘z harakatlarini tezda muvofiqlashtirish imkoniyatidan mahrum qilgan.

Isroil razvedkasining amaldagi xodimlaridan biri nashrga «hujumdan ancha oldin biz Tehronni Quddusni bilganimizdek bilardik», degan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ma’lumotlarni uzoq vaqt davomida to‘plash odatiy kun tartibidagi har qanday o‘zgarishlarni payqash imkonini bergan.

28-fevral: Yakuniy qaror va zarba oqibatlari

28-fevral kuni AQSH va Isroil Eronga qarshi harbiy operatsiya boshladi. Zarbalar Tehron va boshqa yirik shaharlarga berildi. Hujum oqibatida Xominai va Eron rahbariyatining bir qator asosiy vakillari halok bo‘ldi. AQSH prezidenti Donald Trampning ta’kidlashicha, dastlabki ikki kun ichidagi zarbalar oqibatida Eronning 48 dan ortiq yetakchisi o‘ldirilgan. Tehron bu ma’lumotni qisman tasdiqlagan.

FT manbalari Xominaini o‘ldirish qarori Vashingtonda emas, balki Tel-Avivda — siyosiy darajada qabul qilinganini ta’kidlamoqda. Razvedka faqat 28-fevral tongida uning uchrashuvi bo‘lib o‘tadigan vaqt va joy haqidagi aniq ma’lumotlarni taqdim etgan. Nashr bilan suhbatlashgan manbalarning fikricha, allaqachon boshlangan urush sharoitida bunday imkoniyat boshqa tug‘ilmasligi mumkin edi.

Xominai bunkerlardan foydalanmagan

Shu bilan birga, gazeta Eron oliy rahnamosi bunkerlardan foydalanmagani va «o‘ldirilishdan qo‘rqmagani»ni alohida qayd etgan. FT ma’lumotlariga ko‘ra, Xominai so‘nggi yillarda Isroilning ehtimoliy hujumiga tayyorgarlik ko‘rgan, shuning uchun bunkerlarlarda yashirinishdan bosh tortib, yig‘ilishlarni ochiq joylarda o‘tkazib kelgan.

Teglar

Mavzuga oid