
Istanbuldan Toshkentga uchayotgan samolyot sahnida Anqara osmonida favqulodda holat ro‘y berdi
28.07.2025 | 21:0028523
Uzbekistan airways aviakompaniyasining Istanbuldan Toshkentga uchayotgan Boeing 767-300 samolyoti noma’lum sababga ko‘ra Turkiya osmonida charx urib, yana Istanbul aeroportiga qaytib qo‘ngan.

Uzbekistan airways aviakompaniyasining matbuot kotibi Qizlarxona Begmatovaning ma’lum qilishicha, «Texnik sabablarga ko‘ra, faqat 28 iyul kuni, HY272 reysi (Istanbul – Toshkent yo‘nalishi) havo kemasining jo‘nash aeroportiga qaytishi sababli kechiktirilgan holda amalga oshiriladi.
Yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz va tushunishingizga umid qilamiz. Parvozlar xavfsizligi — Uzbekistan airwaysʼning ustuvor vazifasidir», deb yozgan u.
Vaqt.uz tahririyati murojaatiga ko‘ra, samolyotning uchish aeroportiga qaytish uchun aynan nima sabab bo‘lganini Q.Begmatova ochiqlamadi.
Aviaparvozlarni kuzatuvchi flightradar24 saytida qayd etilishicha, HY272 reysi bilan Istanbuldan Toshkentga uchayotgan samolyot (ishlab chiqarilganiga 13 yil bo‘lgan Boeing 767-300, UK67003) mahalliy vaqt bilan soat 12:30 da ko‘tarilgan va Toshkent vaqti bilan 19:00 da qo‘nishi kerak edi. Biroq, flightradar24 ma’lumotlariga ko‘ra, 1 soatu 17 minutlik parvozdan so‘ng u Istanbul xalqaro aeroporti (IST) ga qaytib qo‘ngan.
Parvoz davomida samolyot Anqara yaqinida ortga burilgan va charx urgan hamda SQUAWK 7700 kodini yoqqan. Bu kod samolyot sahnida favqulodda holat ro‘y berganida yoqiladi. Yuqorida aytganimizdek, aviakompaniya matbuot xizmati aynan qanday favqulodda holat ro‘y bergani ochiqlagani yo‘q.
Istanbulga qaytib, kechiktirilgan HY272 reysi hamon qayta amalga oshirilmagan (soat 20:50 holatiga).





