add

«-iston hammamizda bor»: Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston va Tojikistonni qanday ogohlantirgani aytildi

Qirg‘izistonda namoyish etilgan «Prezident» hujjatli filmida Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lgan yopiq muloqotlar tafsiloti so‘zlab berildi. Shuningdek, Japarov Mirziyoyev bilan «Bismillah» deb boshlangan kelishuv haqida so‘z ochdi.

«-iston hammamizda bor»: Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston va Tojikistonni qanday ogohlantirgani aytildi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov amalga kelganiga 5 yil to‘lishi (2021 yil yanvar oyidan) munosabati bilan qirg‘iz jurnalisti Aybek Biybosunov tomonidan 4 qismli «Prezident» nomli hujjatli film suratga olindi va 2026 yil yanvar oyi boshida YouTube'da namoyish etildi. Film Japarovning siyosiy yo‘li, davlat boshqaruvi va muhim qarorlari haqida bo‘lib, unda prezidentning o‘zi va yaqin yordamchilari (masalan, Kamchibek Tashiyev, Jeyenbek Kulubayev) ishtirok etgan.

Filmning birinchi qismi asosan Japarovning hokimiyatga kelishi va «Qumtor» oltin konini milliylashtirish jarayoni haqida. Ikkinchi qismida Sadir Japarov qirg‘iz-tojik mojarosining hal bo‘lishida Shavkat Mirziyoyevning bergan maslahatlari haqida gapirgan. Shuningdek, film davomida o‘zbek-qirg‘iz chegarasini aniqlashtirishdagi muzokaralar haqida ham so‘z ketgan.

Sadir Japarov mintaqaviy barqarorlik haqida gapirib, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni faol rahbarlardan biri sifatida tilga oldi. Unga ko‘ra, Mirziyoyev investitsiyalar, turizm va chegara masalalarini hal qilishda Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Qozog‘istonning birga ishlashi kerakligini ta’kidlagan.

Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeyenbek Kulubayev O‘zbekiston yetakchisi Markaziy Osiyodagi qaysidir davlat muammosi boshqalarining ham imijiga ta’sir qilishini, qirg‘iz-tojik chegarasidagi nizolani tugatishga chaqirganini esladi.

«O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev doim aytib yurdi: qirg‘izlar bilan tojiklar sizlar kelishinglar, bundoq chegaradagi nizolarni to‘xtatinglar, agar sizlarda nizo bo‘laversa bizga hech qanday investor kelmaydi, turist kelmaydi. -iston degan so‘z hammamizda bor, ular tushunmaydi Qirg‘izistonmi, Tojikistonmi, O‘zbekistonmi yo Qozog‘iston. -iston degandan so‘ng bizga hech kim kelmaydi, sizlar bunday yaqinlashinglar, deb aytib yurdi-da», - dedi Kulubayev.

Shuningdek, film davomida o‘zbek-qirg‘iz chegarasini aniqlashtirishdagi muzokaralar haqida ham so‘z ketgan. Japarov chegara masalalarini urush-janjal bilan emas, o‘tirib suhbatlashib, teng huquqlilik asosida, do‘stona hal qilinganiga alohida e’tibor qaratgan.

«Birinchi yili, 2021 yil mart oyida – aprel bo‘lishi kerak [aslida 11–12-mart kunlari bo‘lgan]– O‘zbekistonga borganimda, birdan kelishib qoldik-da. «Bismillah» deb, yulduzimiz kelishib qoldi, gaplashib oldik, chegara muammosini hal qilib oldik», - dedi Sadir Japarov.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi davlat chegarasining umumiy uzunligi 1 476 km ni tashkil etadi. Chegara asosan tog‘li va murakkab relefli hududlardan o‘tadi: O‘zbekiston tomonidan Toshkent viloyatidan boshlanib, Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlari orqali o‘tsa, Qirg‘izistonda Jalolobod, O‘sh va Botken viloyatlari bo‘ylab kechadi. 2017 yilgacha O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaraning 85 foizi demarkatsiya qilingan, qolgan qismi bahsli hududlar bo‘lib turgan edi. Qolgan qismini Sadir Japarov prezident bo‘lganidan keyin hal qildi. So‘nggi yillarda har ikki davlat hukumati bahsli hududlar bo‘yicha kelishuvga erishdi. Shu tariqa, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara bo‘yicha muammolar qolmadi.

Teglar

Mavzuga oid

«-iston hammamizda bor»: Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston va Tojikistonni qanday ogohlantirgani aytildi | Vaqt.uz