
Italiya va AQSH o‘rtasida «makaron urushi» boshlandi
07.10.2025 | 17:0044393
AQSH Italiya makaroniga 90 foizdan ortiq boj joriy etdi. Rim bu qarordan qattiq norozi bo‘lib, YeI bilan hamkorlikda javob choralarini muhokama qilmoqda.

Italiya hukumati AQSH tomonidan mamlakat makaron mahsulotlariga qo‘shimcha antidemping boji joriy etilganidan jiddiy tashvish bildirdi. Bu haqda Italiya Tashqi ishlar vazirligi rasman ma’lum qildi.
Vazirlik bayonotida aytilishicha, yangi tariflar tufayli AQSH bozorida Italiya makaroni narxi deyarli ikki barobarga qimmatlashadi. Shu sababli Rim hozirda Vashingtonga ta’sir ko‘rsatish maqsadida Yevropa komissiyasi bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
AQSH Savdo vazirligi esa bu chorani tergov natijalari bilan izohladi. Ma’lum qilinishicha, Italiyaning ikki yirik ishlab chiqaruvchisi Amerika bozorida mahsulotni sun’iy ravishda arzon narxlarda sotgani aniqlangan. Yangi boj italiya makaronining narxini 91,74 foizga oshiradi.
29 sentyabr kuni AQSH prezidenti Donald Tramp import qilinadigan kino mahsulotlariga ham 100 foizlik boj joriy qilish niyati borligini aytdi. Shuningdek, iyul oyida u 60 dan ortiq davlat tovarlariga 15 foizdan 41 foizgacha bo‘lgan tariflarni joriy etish haqidagi farmonni imzolagandi.
Tramp 2025 yilning aprel oyidan boshlab ko‘plab mamlakatlar eksportiga yuqori boj stavkalari qo‘llay boshladi. Ayrim davlatlar — jumladan, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Vetnam va Yevropa Ittifoqi bilan tariflarni qisman pasaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan bo‘lsa-da, avtomobilsozlik va po‘lat sanoati kabi sohalarda yuqori bojlar hali ham amal qilmoqda. Bu esa AQSHning tashqi savdo bojlarini so‘nggi 90 yildagi eng yuqori darajaga chiqardi.





