add

Italiyada minglab odamlar Sitsiliyaga ko‘prik qurilishi rejasiga qarshi chiqdi

10.08.2025 | 20:0048274

Messinada o‘tgan norozilik marshida ekologik xavf, mafiya ta’siri va uy-joylarni olib qo‘yish kabi xavotirlar ifodalandi.

Italiyada minglab odamlar Sitsiliyaga ko‘prik qurilishi rejasiga qarshi chiqdi
Sitsiliyaning Messina shahrida minglab odamlar Italiya hukumatining materikni orol bilan bog‘laydigan ko‘prik qurish rejasiga qarshi namoyish o‘tkazdi. Associated Press agentligining yozishicha, 13,5 mlrd yevro qiymatdagi yirik infratuzilma loyihasi seysmik xavf, atrof-muhitga ta’sir va mafiya aralashuvi ehtimoli tufayli keskin tanqid qilinmoqda. Messina bo‘ylab o‘tgan marshda ishtirokchilar «No Ponte» («Ko‘prik kerak emas») shiorlari ostida chiqish qildi. Tashkilotchilarga ko‘ra, namoyishda 10 ming kishi qatnashgan. Qarshilikning yana bir sababi — qurilish uchun 500 ga yaqin oila mulki ekspropriatsiya qilinishi rejalashtirilgani. Loyiha bo‘yicha ko‘prik deyarli 3,7 km uzunlikda bo‘lib, 3,3 kmlik osma qismi bilan dunyodagi eng uzun osma ko‘prikka aylanadi. U Turkiyadagi Chanoqqal’a ko‘prigi rekordini 1277 metrga yangilaydi. Italiya transport vaziri Matteo Salvini loyihaning asosiy siyosiy tarafdori bo‘lib, uni «G‘arbdagi eng yirik infratuzilma qurilishi» deb atadi. Uning aytishicha, qurilish yiliga 120 ming ish o‘rni yaratishi va Janubiy Italiyada iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishi mumkin. Shuningdek, ko‘prik NATO talab qilayotgan mudofaa xarajatlari doirasida strategik ob’ekt sifatida belgilanib, harbiy kuchlar va texnika tezkor harakatlanishi uchun yo‘lak vazifasini o‘taydi. Ekologik tashkilotlar YeIga shikoyat kiritib, loyiha qushlar migratsiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini bildirdi. Italiya prezidenti qurilish mafiyadan holi bo‘lishi uchun unga antimafiya qonunchiligi talablari qo‘llanilishini ta’kidladi. Qurilishga tayyorgarlik ishlari sentyabr oxiri — oktyabr boshlarida, Italiya hisob palatasidan ruxsat olingach boshlanishi mumkin. Asosiy ishlar 2026 yilda start olib, 2032–2033 yillarda yakunlanishi rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid

Italiyada minglab odamlar Sitsiliyaga ko‘prik qurilishi rejasiga qarshi chiqdi | Vaqt.uz