add

Iyul oyida pul massasining o‘sishi sekinlashgan

18.08.2025 | 13:0010103

O‘zbekistonda besh oylik jadal o‘sishdan so‘ng, milliy iqtisodiyotdagi pul aylanmasi sur’ati sezilarli tarzda sekinlashgan.

Iyul oyida pul massasining o‘sishi sekinlashgan
Keng ma’nodagi pul massasi (M2) iyul oyida 3,2 trln so‘mga ko‘payib, 315,7 trln so‘mga yetgan. Milliy valyutadagi pul massasi esa 2,4 trln so‘mga o‘sib, 252,1 trln so‘mga yetgani qayd etildi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, M2ning yillik o‘sishi 30,4 foizni tashkil etsa, milliy valyutadagi pul massasining yillik o‘sishi 34,8 foizga yetdi. Muomaladagi naqd pullar oy davomida 786 mlrd so‘mga ko‘payib, 59,8 trln so‘mga yetgan. Shu bilan birga, Markaziy bankdan tashqaridagi naqd pullar 1,1 trln so‘mga ortib, 71,3 trln so‘mni tashkil qildi. Bank tizimidagi vakillik hisobvaraqlaridagi qoldiqlar ham o‘sishni ko‘rsatdi. Iyul yakuniga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 0,2 trln so‘mga ko‘payib, 22,8 trln so‘mga yetdi. Moliya bozori tahlilchilari ushbu ko‘rsatkichlarni iqtisodiyotdagi pul aylanmasi barqarorlashishi va tartibga solish choralari ta’siri sifatida baholashmoqda. Shu bilan birga, pul massasi o‘sish sur’atining pasayishi inflyatsiya bosimini yumshatishi mumkinligi ta’kidlanmoqda. Yangi ma’lumotlar mamlakat moliya tizimidagi pul resurslari tarkibida turg‘unlashuv kuzatilayotganini ko‘rsatmoqda. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning 2025 yil yanvar-iyun oylari uchun naqd pul muomalasi hajmi 563 trln so‘mga yetganligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid