
Jahon aviakompaniyalari 2025 yil foydasi bo‘yicha prognozni pasaytirdi
02.06.2025 | 15:406085
Iqtisodiy beqarorlik, savdo mojarolari va samolyot yetkazib berishdagi kechikishlar tufayli xalqaro aviatsiya sanoati 2025 yil foydasi bo‘yicha prognozni 1,6 foizga kamaytirdi.

Xalqaro havo transporti uyushmasi (IATA) ma’lum qilishicha, global aviakompaniyalar 2025 yilda 36 milliard dollar miqdorida umumiy foyda olishi kutilmoqda. Bu avvalgi — 36,6 milliard dollarlik prognozga nisbatan kamroqdir. Bunga asosiy sabablar sifatida savdo mojarolari, iste’molchilar ishonchining pasayishi va samolyot yetkazib berishdagi kechikishlar ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga, ushbu foyda 2024 yilda qayd etilgan 32,4 milliard dollardan ko‘proq bo‘lib, unga asosiy ta’sir etuvchi omillar sifatida past neft narxlari va tarixiy rekord darajadagi yo‘lovchi oqimi qayd etilmoqda.
IATAning Nyu-Dehlida o‘tkazilgan yillik yig‘ilishida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy daromadlar prognozi ham qayta ko‘rib chiqildi — 2,1 foizga pasayib, 979 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lsa-da, avvalgi 1 trln dollarlik prognozdan kamroqdir.
IATA rahbari Uilli Uolshning ta’kidlashicha, har bir yo‘lovchi uchun foyda o‘rtacha 7,20 dollarni tashkil qiladi, bu esa sanoat uchun ehtimoliy xatarlar oldida juda kichik zaxira hisoblanadi.
Aviatsiya sohasidagi samolyot yetkazib berish kechikishlari aviakompaniyalarning o‘sish rejalariga to‘sqinlik qilmoqda. Bu kechikishlar ayniqsa, talab yuqori bo‘lgan mintaqalarda aviaparklarni yangilashga jiddiy ta’sir qilmoqda. Ushbu holat ekspluatatsiya xarajatlarini ham oshirmoqda, chunki aviakompaniyalar eski samolyotlarni saqlab turish yoki ehtiyot qismlar uchun qimmat to‘lashga majbur bo‘lmoqda.
IATAning hisoblashicha, 2025 yilda umumiy xarajatlar 913 milliard dollarga yetadi. Bu 2024 yilga nisbatan 1 foizga ko‘proq, ammo avvalgi 940 milliard dollarlik bahodan kamroqdir. Yonilg‘i narxlarining tushishi samolyot ta’miri xarajatlarini qisman kompensatsiyalashi kutilmoqda.
Shuningdek, yuk tashish xizmatlari daromadi 2025 yilda 4,7 foizga pasayib, 142 milliard dollarga tushishi taxmin qilinmoqda. Bu esa global iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi va proteksionistik siyosatlar, jumladan, bojlar ta’siri bilan bog‘lanmoqda.
Uilli Uolshning ta’kidlashicha, boj yuklarini ishlab chiqaruvchilar mijozlarga yuklatishi ehtimoli yuqori va bu aviachiptalar narxiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Uning fikricha, barcha xarajatlar oxir-oqibat iste’molchining zimmasiga tushadi.





