add

Jahon banki Markaziy Osiyo energetikasiga 143,2 mln dollar ajratadi

O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlariga ajratiladigan mablag‘ orqali elektr energiyasi savdosi, uzatish quvvatlari va toza energiya integratsiyasini kengaytirish maqsad qilingan.

Jahon banki Markaziy Osiyo energetikasiga 143,2 mln dollar ajratadi

Jahon banki O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonga jami 143,2 million dollar miqdorida grant va imtiyozli kreditlar ajratishni tasdiqladi. Mablag‘lar Markaziy Osiyoda elektr energiyasi bozorini rivojlantirish va energiya tizimlarini integratsiya qilishga qaratilgan «REMIT» dasturi doirasida yo‘naltiriladi.

Dastur maqsadi

Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi tomonidan ma’qullangan ushbu dastur 10 yil davomida amalga oshiriladi va uch bosqichdan iborat. Dasturning asosiy maqsadi mintaqada energetika sohasida hamkorlikni mustahkamlash, davlatlar o‘rtasida barqaror va samarali elektr energiyasi almashinuvini ta’minlashdan iborat.

«REMIT» doirasida Markaziy Osiyoda ilk bor mintaqaviy elektr energiyasi bozorini yaratish rejalashtirilgan. Bu elektr energiyasi savdosini rivojlantirish, uzatish tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish va qayta tiklanadigan energiya manbalarini milliy energiya tizimlariga keng miqyosda integratsiya qilish uchun institutsional va texnik asos yaratishni nazarda tutadi.

Dasturning birinchi bosqichida Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonga 143,2 million dollar ajratiladi. Uning 140 million dollari Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi resurslari hisobidan, 3,2 million dollari esa Markaziy Osiyo suv va energetika dasturi grantlari sifatida taqdim etiladi.

Kutilayotgan natija

Kelgusi o‘n yil ichida «REMIT» elektr energiyasi savdosi hajmini yiliga kamida 15 ming gigavatt-soatgacha oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Shuningdek, elektr uzatish quvvatlari 16 gigavattgacha kengayib, mintaqada 9 gigavattgacha toza energiya quvvatlarini integratsiya qilish imkoni yaratiladi. Bu energetika barqarorligini kuchaytirish, uzilishlarni kamaytirish va aholi hamda biznes uchun energiya narxlarini pasaytirishga zamin yaratadi.

O‘zbekistonga avval ajratilgan mablag‘lar

Jahon banki O‘zbekistonga 2025 yilning dekabr oyida bir qator dasturlar doirasida yirik mablag‘lar ajratgan edi. Jumladan, Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi mamlakatga 250 mln dollar kredit ajratishni ma’qullagandi. Shuningdek, bank O‘zbekistonning 16 ta tuman va shahrida aholi hamda biznes uchun munitsipal infratuzilma hamda xizmatlarni rivojlantirishga 250 million dollar yo‘naltirgandi. Bundan tashqari, Jahon banki mamlakatda mikro, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun 105 mln dollarlik moliyalashtirishni ma’qullagan.

Mavzuga oid