add

Jahon banki O‘zbekiston elektr tarmoqlari uchun 100 mln dollar imtiyozli kredit ajratdi

17.05.2025 | 11:006402

O‘zbekistonda elektr energiyasini ishonchli yetkazib berish va qayta tiklanuvchi manbalarni tarmoqqa ulash maqsadida Jahon banki 100 mln dollar imtiyozli kredit ajratishga rozilik berdi. Yana 50 mln dollarni «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ o‘z mablag‘laridan yo‘naltiradi.

Jahon banki O‘zbekiston elektr tarmoqlari uchun 100 mln dollar imtiyozli kredit ajratdi
Jahon banki taqdim etayotgan kredit hisobidan elektr taqsimlovchi infratuzilmani modernizatsiya qilish, avtomatlashtirish va raqamlashtirish ko‘zda tutilgan. 2024 yilda eski va yuklangan tarmoqlar tufayli elektr yo‘qotishlar darajasi qariyb 13 foizni tashkil etgan. Bu holat energiya ta’minotida ko‘plab uzilishlarga olib kelmoqda. Yangi loyiha doirasida 6000 km past kuchlanishli liniyalar quriladi, 1200 ta transformator yangilanadi va 150 mingta aqlli hisoblagichlar o‘rnatiladi. Shuningdek, 4000 ta ma’lumotlar konsentratori orqali avtomatlashtirish jarayoni amalga oshiriladi. Sarmoyalar asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatlaridagi ustuvor hududlarga yo‘naltiriladi. Bu hududlarda elektr ta’minotining ishonchliligini oshirish va tarmoqlar quvvatini kengaytirish rejalashtirilgan. 2030 yilgacha O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya quvvati 25 GWga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Ammo mavjud tarmoqlar modernizatsiya qilinmas ekan, yangi manbalarni ulashning iloji bo‘lmaydi. Jahon banki loyiha orqali 2029 yilga qadar mijozlar qoniqishini 90 foiz darajaga yetkazish, issiqxona gazlari chiqindisini 450 ming tonna karbonat angidridgacha qisqartirish kabi maqsadlarni belgilagan.  

Teglar

Mavzuga oid

Jahon banki O‘zbekiston elektr tarmoqlari uchun 100 mln dollar imtiyozli kredit ajratdi | Vaqt.uz