
Jahon banki O‘zbekistonga kichik GESlar uchun $200 million ajratadi
25.06.2025 | 13:2023513
Loyiha orqali 2030 yilgacha 150 MVt quvvatli ekologik toza energiya ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Jahon banki O‘zbekistonda kichik gidroenergetika salohiyatini rivojlantirish maqsadida 200 million dollarlik kredit ajratishni ma’qulladi. Mablag‘lar asosan yangi kichik gidroelektrostansiyalar (GES) qurilishi va mamlakat bo‘ylab barqaror elektr ta’minotini ta’minlashga yo‘naltiriladi.
Bank tomonidan moliyalashtirilayotgan va Energetika vazirligi tomonidan 2025–2030 yillarda amalga oshiriladigan mazkur loyiha doirasida 150 MVtgacha umumiy quvvatga ega bo‘lgan kichik GESlar barpo etiladi. Bu stansiyalar yiliga 520 GVt-soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Shu bilan birga, loyiha har yili 430 ming tonna uglerod gazi chiqindisini qisqartirish imkonini beradi.
O‘zbekiston hukumati 2026 yilgacha 3 mingga yaqin kichik GES qurishni va ularning umumiy quvvatini 160 MVtga yetkazishni rejalashtirgan. Bu orqali 280 ming nafar aholi qo‘shimcha elektr energiyasi bilan ta’minlanishi mumkin.
Hozirda loyiha doirasida mamlakat bo‘ylab 270 ga yaqin qulay loyiha maydonlari aniqlangan. Ularning katta qismi (93%) 100–1000 kVt quvvatga ega. Eng muhimi, bu elektr energiyasi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ orqali sotib olinadi va barqaror bozor mexanizmini shakllantiradi.
Kichik GESlar energiya balansini diversifikatsiya qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan samarali foydalanish va chekka hududlarda elektr ta’minotini yaxshilashda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.





