add

Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi qayta ko‘rib chiqiladi

25.01.2026 | 16:012 daqiqa

O‘zbekistonda pensiyadan ushlab qolish me’yorlarini qat’iy belgilash va jamg‘arib boriladigan tizimni isloh qilish rejalashtirilmoqda.

Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi qayta ko‘rib chiqiladi

O‘zbekistonda jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqish hamda pensiyadan turli ushlab qolishlar qo‘llangandan keyin to‘lanadigan mablag‘ miqdorini qonunchilik darajasida aniq belgilash rejalashtirilmoqda. Bu Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan 2026 yilga mo‘ljallangan islohotlar dasturi va «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha prezident farmoni loyihasida keltirilgan.

Yangi me’yorlar

Loyihada pensiyadan har oylik ushlab qolinadigan mablag‘ miqdori uning 50 foizidan oshmasligi belgilanmoqda. Shuningdek, barcha ushlab qolishlar qo‘llangandan so‘ng pensionerga to‘lanadigan pensiya miqdori rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmasligi shart etib qo‘yilmoqda. Bu norma pensionerlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan.

Mazkur o‘zgartishlarni ishlab chiqish vazifasi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari Jamshid Abruyevga yuklatilmoqda. U manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda joriy yilning iyul oyiga qadar «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunga tegishli o‘zgartirishlar loyihasini ishlab chiqishi kerak.

Jamg‘arib boriladigan tizimdagi o‘zgarishlar

Shu bilan birga, ilg‘or xorijiy tajriba asosida davlat pensiya ta’minoti tizimini kompleks isloh qilish ko‘zda tutilmoqda. Dasturda amaldagi jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqish, pensiya jamg‘armalarini kapitallashtirishning samarali mexanizmlarini joriy etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, jamg‘arma mablag‘larini samarali safarbar qilish va ularni uzoq muddatli investitsiyalarga yo‘naltirish orqali kapital bozorini rivojlantirish choralari belgilanmoqda. Shu maqsadda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida xalqaro konsultantlardan iborat Loyiha ofisini tashkil etish nazarda tutilgan.

Qayd etilishicha, mazkur yo‘nalishdagi prezident farmoni loyihasi 2026 yil dekabr oyiga qadar ishlab chiqilishi lozim. Bu jarayon uchun iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov mas’ul etib belgilangan.

Teglar

Mavzuga oid