add

Jamshid Qo‘chqorov: «Ko‘p yillar budjetni profitsit bilan bajarganmiz, bu yaxshi emas»

03.12.2025 | 15:402952 daqiqa

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda Jamshid Qo‘chqorov budjet taqchilligi optimal hisoblanishi, nega oldin profitsit bo‘lgani va 2026 yilgi rejalar haqida ma’lumot berdi.

Jamshid Qo‘chqorov: «Ko‘p yillar budjetni profitsit bilan bajarganmiz, bu yaxshi emas»

Bosh vazir o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 2023 yilda budjet taqchilligi ko‘rsatkichi YAIMga nisbatan 5 foizni tashkil etgani, 2026 yilda esa 59 trln so‘mlik taqchillik 3 foiz darajada bo‘lishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, nominal o‘sish real vaziyatni aks ettirmaydi, muhim mezon — YAIMga nisbatdagi ulushdir.

Vazirning aytishicha, avvalgi yillarda byudjetning profitsit bilan bajarilishi islohotlar yetishmasligi tufayli mamlakat tashqi qarz olish imkoniyatiga ega emasligi bilan bog‘liq bo‘lgan.

«Biz ko‘p yillar byudjetni profitsit bilan bajarganmiz. U zo‘rmidi? Sohada uzoq yillardan beri ishlab kelayotgan odam sifatida «yo‘q», deb javob berishga majburman. Chunki o‘sha paytlar budjet profitsit bilan bajarilganining sababi shuki, o‘sha budjet taqchilligini moliyalashtirishga bizga hech kim kredit bermagan».

Qo‘chqorovga ko‘ra, katta taqchillik yuki mamlakat uchun xavfli, bu borada Xalqaro valuta jamg‘armasi ham 3 foiz darajani eng maqbul chegara sifatida belgilagan. Bu ko‘rsatkich davlat qarzi ortishini mo‘tadillashtirib, defolt yoki bankrotlik kabi xavflarga yo‘l qo‘ymaydi. Shuningdek, mazkur darajadagi taqchillik iqtisodiyotni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Uning ta’kidlashicha, budjet taqchilligi o‘z vazifasini faqat iqtisodiy o‘sish sharoitida bajaradi.

«Taqchillik qo‘shimcha pul olib, iqtisodiyotni rag‘batlantirish degani. Fiskal rag‘batlantirish. Agar biz qarz olsak-da, uni iqtisodiyotga chiqarsak va iqtisodiyot o‘smasa — bu noto‘g‘ri. Xudoga shukr, biz har yili yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlariga erishyapmiz, bu yil 7 foizdan kam bo‘lmaydi deyapmiz, lekin XVJ O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish 7,3 foiz bo‘ladi, deb aytyapti».

Teglar

Mavzuga oid