add

Jangovar harakatlarda ishtirok etishni targ‘ib qilganlar uchun javobgarlik joriy etish rejalashtirilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar ijtimoiy tarmoqlarda xorijdagi qurolli mojarolarga jalb etishni targ‘ib qilgan materiallar uchun ma’muriy javobgarlik belgilashni taklif qildi.

Jangovar harakatlarda ishtirok etishni targ‘ib qilganlar uchun javobgarlik joriy etish rejalashtirilmoqda © Фото: Kun.uz

O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari va internet orqali xorijdagi jangovar harakatlarda ishtirok etishni targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Tegishli qonun loyihasi 3-fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, xorijiy davlat hududida yoki uning tarafida qurolli mojarolar va harbiy harakatlarda ishtirok etishni targ‘ib qiluvchi mahsulotlarni tarqatish yoki namoyish etish ma’muriy huquqbuzarlik sifatida belgilanmoqda. Bu talab OAV, ijtimoiy tarmoqlar hamda boshqa internet platformalariga ham tatbiq etiladi.

Majlisda ta’kidlanishicha, joylarda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida ko‘p qavatli uylar, tungi yoritish ustunlari va boshqa ommaviy joylarda graffiti va varaqalar orqali xorijda ishlash yoki katta daromad va’da qilingan holda fuqarolarni jangovar harakatlarga jalb etuvchi Telegram kanallar aniqlangan. Ayrim holatlarda bunday materiallarda narkotik moddalar tashish kabi jinoiy faoliyatga da’vat etuvchi manzillar ham mavjudligi qayd etildi.

Qonun loyihasida, shuningdek, sodir etilgan huquqbuzarlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotlarni internetda namoyish etganlik uchun ham javobgarlik belgilash nazarda tutilgan. Bundan tashqari, internet muhitida haqorat qilganlik uchun ma’muriy jazo choralarini kuchaytirish taklif etilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid