
Janubiy Koreya sobiq bosh vaziri 23 yilga qamaldi
Seul sudi 2024 yilda harbiy holat joriy etilishi bilan bog‘liq ishda mamlakatning sobiq bosh vazirini og‘ir jinoyatlarda aybdor deb topdi.

Janubiy Koreya poytaxti Seul shahridagi sud 2024 yilda mamlakatda qisqa muddatga harbiy holat joriy etilishi bilan bog‘liq ish doirasida sobiq bosh vazir Xan Dok Suni 23 yilga ozodlikdan mahrum etish to‘g‘risida hukm chiqardi. Bu haqda «Yonhap» agentligi xabar berdi.
Sobiq bosh vazir Xan Dok Su mamlakatning sobiq prezidenti Yun Sok Yol tomonidan qabul qilingan harbiy holat to‘g‘risidagi qarorni amalga oshirishda faol ishtirok etganlikda ayblangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u keskin siyosiy inqiroz sharoitida davlat boshqaruvi tizimida muhim rol o‘ynagan va qaror ijrosiga ko‘maklashgan.
Ayblov xulosasida ta’kidlanishicha, harbiy holat joriy etilishi mamlakatdagi siyosiy barqarorlikni ta’minlash emas, balki mavjud qarama-qarshiliklarni yanada chuqurlashtirgan.
Sud Xan Dok Suni davlat tuzumiga zid harakatlarni qo‘llab-quvvatlagan mansabdor shaxs sifatida baholadi.
Avvalroq Seul sudi sobiq prezident Yun Sok Yolni o‘zining hibsga olinishi jarayoniga to‘sqinlik qilgani uchun besh yilga ozodlikdan mahrum etgan edi.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 3-dekabr kuni Yun Sok Yol parlamentda davlat budjeti bo‘yicha keskin bahslar kechayotgan paytda harbiy holat e’lon qilgan. U bu qarorni parlamentdagi «antidavlat kuchlari» demokratiyaga tahdid solayotgani bilan izohlagan. Biroq mazkur qaror bir necha soat ichida parlament tomonidan bekor qilingan va mamlakat bo‘ylab ommaviy norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgan.





