
Janubiy Koreya va Slovakiyaga ishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar qo‘lga olindi
Namangan shahridagi xususiy bandlik agentligining norasmiy ishchisi To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi 4 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, tanishlari orqali ularni chet davlatga ishlash uchun yuborish evaziga pora talab qilgan.

Namanganda xorijga ishga joylashtirishni va’da qilib, fuqarolardan pul olgan ikki shaxs Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.
Namangan shahrida faoliyat yurituvchi xususiy bandlik agentligining norasmiy xodimi To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi to‘rt nafar fuqaroning ishonchiga kirgan. U ularni tanishlari orqali Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilib, har biridan 2000 AQSH dollari talab qilgan.
Fuqarolarning ishonchini suiste’mol qilgan shaxs oldindan 1000 dollar olgan paytda Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Shu kabi yana bir holat Namangan shahrida faoliyat yurituvchi turistik firma rahbari bilan bog‘liq bo‘lgan. U mansabdor tanishlari orqali bir hamshaharini Slovakiyaga ishga yuborishni va’da qilib, 40 million so‘m talab etgan. Shuningdek, oldindan viza rasmiylashtirish uchun 600 dollar va 2,8 million so‘m pul olgan paytda qo‘lga tushgan.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur shaxs avval ham firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan, ammo xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Faktlar asosida jinoyat ishlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (firibgarlik) bilan qo‘zg‘atilgan.





