
Janubiy Koreyada xorijliklar soni rekord darajaga yetdi
28.07.2025 | 14:3047423
2025 yil iyun oyi holatiga ko‘ra, Janubiy Koreyada yashovchi xorijliklar soni 2,73 million nafarga yetdi. Ularning uchdan bir qismini xitoyliklar tashkil etadi. Mamlakatda o‘zbekistonliklar soni ham qariyb 100 ming nafarga yaqinlashdi.

Bu haqda Anadolu agentligi mamlakat migratsiya xizmati ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Shundan 1,56 million nafari rasman ro‘yxatdan o‘tgan xorijliklar hisoblanadi. Bundan tashqari, 552 mingdan ortiq fuqaro — xorij fuqaroligida bo‘lgan koreys millatidan, yana 620 ming kishi esa qisqa muddatli, asosan sayyohlik vizasi bilan mamlakatda vaqtincha yashamoqda.
Pandemiyadan avval, 2019 yilda Janubiy Koreyada birinchi bor 2,52 million xorijlik ro‘yxatga olingan edi. Ammo 2021 yilda bu ko‘rsatkich 1,96 millionga tushgan. Keyingi yillarda migratsiya qayta faollashib, 2023 yil oxirida 2,65 million nafarga, 2025 yil iyunga kelib esa 2,73 million nafarga yetdi.
Millatlar kesimida xitoyliklar 972 ming nafar (35,6 foiz) bilan yetakchilik qilmoqda. Keyingilar — vetnamliklar (341 ming), amerikaliklar (196 ming), tailandliklar (173 ming) va o‘zbekistonliklar (98 457 nafar).
Xorijlik aholining yarmi Seul va unga tutash metropoliten hududlarida, qolgan qismi esa markaziy Chunchxong va janubiy provinsiyalarda yashamoqda. Migrantlarning asosiy qismi — 20 yoshdan 39 yoshgacha bo‘lgan faol mehnat yoshidagi shaxslardan iborat.
Taxminan 20 foiz migrantda xorijdagi koreyslar uchun mo‘ljallangan F-4 vizasi bor, 12 foizida E-9 vizasi — malakali bo‘lmagan ishchilar uchun ruxsatnoma mavjud. Shuningdek, mamlakatda F-5 (doimiy yashash), D-2 (talabalik) va B-2 (sayyohlik) vizalari orqali bo‘lib turuvchi xorijliklar ham qayd etilgan.





