
Janubiy Koreyaning K-beauty industriyasi Tramp tariflari zarbasiga uchramoqda
03.08.2025 | 21:003713
Janubiy Koreya kosmetikasi – K-beauty mahsulotlari so‘nggi yillarda butun dunyoda, ayniqsa AQSHda katta mashhurlikka erishgan. Biroq AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan Janubiy Koreyadan import qilinadigan mahsulotlarga 15 foizlik boj joriy etilishi tarmoqqa jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

So‘nggi yillarda K-beauty mahsulotlari AQSHda 1,7 mlrd dollarlik bozorga ega bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 50 foizga ko‘pdir. Arzon narxlar, noyob tarkibiy qismlar va Janubiy Koreya madaniyatining ommalashishi bu o‘sishga turtki bo‘lgan. Ammo yangi tariflar narxlarni oshirishi va ayrim xaridorlarni bozordan chiqarishi mumkin, deya yozmoqda BBC.
K-beauty chakana sotuvchilari, jumladan Santé Brand va Senti Senti, tariflar haqidagi xabardan so‘ng mahsulotlarga talabning keskin oshganini aytishdi. Ayrim mijozlar «to‘fon»dan oldin zahira to‘plashga harakat qilgan. Iqtisodchi Munsob Lining fikricha, narxlar o‘sishi ayniqsa Amazon kabi platformalarda ishlaydigan kichik sotuvchilar uchun og‘ir zarba bo‘ladi.
Shu bilan birga, katta kosmetika kompaniyalari yuqori foyda marjasi tufayli bojlarning ta’sirini yumshatishga qodir bo‘ladi. Ammo mahsulotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Janubiy Koreyada ishlab chiqaradigan kichik firmalar xarajatlarni ushlab turishda qiynaladi. Ta’sir biroz vaqtdan keyin to‘liq seziladi.
Muttaxassislar aytishicha, narxlar ko‘tarilsa ham AQSHdagi sodiq mijozlar K-beauty mahsulotlaridan voz kechmaydi. Ammo ular avvalgidek ko‘p miqdorda emas, kamroq sotib olish ehtimoli yuqori. Mahalliy amerikalik brendlar haligacha Janubiy Koreya mahsulotlariga tenglasha olmayotgani ham bu talabni saqlab turishi mumkin.





