add

Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti yana hibsga olindi

10.07.2025 | 13:0013314

Seul sudi Yun Suk Yolga nisbatan yangi hibs qarori chiqardi. U 2024 yil dekabrda mamlakatda qisqa muddatli harbiy holat joriy qilgani uchun ayblanmoqda.

Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti yana hibsga olindi
2025 yil 9 iyul kuni Janubiy Koreyaning Seul markaziy okrug sudi sobiq prezident Yun Suk Yolga nisbatan qayta hibsga olish orderini chiqardi. Bu haqda Politico nashri xabar berdi.  Sud uning dekabr oyida mamlakatda qisqa muddatli harbiy holat joriy qilgani bilan bog‘liq jinoyat ishlari dalillarini yo‘q qilish xavfini inobatga olgan holda uni hibsga olishni ma’qulladi. Yun shu yil mart oyida hibsdan ozod etilgan edi. Biroq bu safar maxsus prokuror Cho Un Suk boshchiligidagi tergov guruhi tomonidan u yana hibsga olindi. Unga davlat to‘ntarishiga urinish, hokimiyatni suiiste’mol qilish, rasmiy hujjatlarni soxtalashtirish va rasmiy faoliyatga to‘sqinlik qilish kabi ayblovlar qo‘yilgan. Yunning advokatlari hibs talabini haddan tashqari deb baholagan va uning asosliligini rad etgan. U 20 kungacha hibsda saqlanishi mumkin, ayblovlar tasdiqlansa, sud muhokamasiga qadar ushlash muddati 6 oygacha uzaytirilishi mumkin. Yun 2024 yil 3 dekabrda harbiy holat e’lon qilgan, u buni «antidavlat liberallar»ga qarshi zarur chora sifatida baholagan. Biroq bir necha soatdan keyin parlament a’zolari armiya blokadasini buzib kirib, harbiy holatni bekor qilish uchun ovoz berishgan. 14 dekabrda u impichment qilindi va 26 yanvarda rasman ayblov e’lon qilindi. Ayblovlar qatorida harbiy holatni rasmiy hukumat yig‘ilishisiz joriy qilish, shaxsiy armiya sifatida prezident gvardiyasini qonuniysiz safarbar etish kabi holatlar ham bor. Yunga nisbatan da’voning og‘irligi shundaki, ayblovlar bo‘yicha u umrbod qamoq yoki hatto o‘lim jazosiga mahkum etilishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid

Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti yana hibsga olindi | Vaqt.uz