Japarov ketadimi yoki qoladi? Sud bahsli masalaga yakuniy nuqta qo‘ydi
Qirg‘iziston Konstitutsiyaviy sudi Sadir Japarovning vakolat muddati bo‘yicha rasmiy qarorini e’lon qildi.

Qirg‘iziston Konstitutsiyaviy sudi 2021 yil yanvarida 2010 yilgi Konstitutsiyaga asosan prezident etib saylangan Sadir Japarov olti yillik vakolat muddatini to‘liq o‘tashi haqida qaror chiqardi.
Nima uchun yangi besh yillik muddat Japarovga taalluqli emas?
Sud sharhiga ko‘ra, 2021 yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada nazarda tutilgan besh yillik muddat amaldagi prezident mandatiga tatbiq etilmaydi. Chunki Japarovning vakolati avvalgi — 2010 yilgi Asosiy qonun doirasida boshlangan.
Qarorda ta’kidlanishicha, 2021 yilgi Konstitutsiyada belgilangan «ikki muddatdan ko‘p emas» degan cheklov amaldagi olti yillik muddatni bekor qilmaydi yoki qisqartirmaydi. Ushbu muddat birinchi prezidentlik davri sifatida hisoblanadi.
Muddatidan oldin saylov o‘tkazish uchun qonuniy asoslar
Qayd etilishicha, muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish asoslari 2021 yilgi Konstitutsiyaning 72-moddasi 1-qismida aniq belgilangan. Ular qatoriga iste’fo, lavozimdan chetlatish, sog‘lig‘i sabab vazifani bajara olmaslik yoki vafot etish kiradi. Muddatlar bo‘yicha jamoatchilik muhokamalari bunday asoslar sirasiga kirmaydi.
Navbatdagi saylov sanasi
Qaror prezidentning Konstitutsiyaviy sudga murojaati asosida qabul qilingan. 11-fevral kuni Sadir Japarov prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishi lozimligi bo‘yicha rasmiy tushuntirish so‘ragan edi.
Shu tariqa, navbatdagi prezidentlik saylovi 2027 yil 24-yanvarda o‘tkazilishi lozimligi bildirilgan.





