
Jazirama kunlar boshlandi: aholiga issiqdan himoyalanish bo‘yicha muhim tavsiyalar
17.06.2025 | 13:001903
16−19 iyun kunlari O‘zbekiston bo‘ylab harorat 40−44 darajagacha kutarilishi kutilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi aholini ehtiyotkorlikka chaqirib, issiqda sog‘liqni asrash uchun zarur tavsiyalar berdi.

«O‘zgidromet» ma’lumotlariga ko‘ra, 16−17 iyun kunlari Qoraqalpog‘iston va Xorazmda, 17−19 iyun kunlari esa mamlakatning qolgan hududlarida havo harorati kunduz kunlari 40−42, cho‘l hududlarida 43−44 darajagacha ko‘tariladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi shunday ekstremal haroratlarda bolalar, keksalar, homilador ayollar va surunkali kasalliklarga chalingan fuqarolarni o‘z sog‘lig‘iga alohida e’tibor qaratishga chaqirmoqda.
Tashqariga chiqish zarur bo‘lganda yengil, tabiiy matodan tikilgan yorqin liboslar, bosh kiyim va quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak taqish tavsiya etiladi. 10:00 dan 17:00 gacha soya joylarda bo‘lish maqsadga muvofiq. Kuniga kamida 3 litr suyuqlik iste’mol qilish, lekin juda sovuq ichimliklardan tiyilish zarur.
Gazlangan, alkogol va energetik ichimliklardan uzoq bo‘lish, o‘rniga meva-sabzavotlar, yengil ovqatlar tanovul qilish maqsadga muvofiq. Iliq dush qabul qilish va badanni vaqti-vaqti bilan sovuq mato bilan artish ham organizmni sovutishga yordam beradi.
Quyosh urishi alomatlari — ko‘ngil aynishi, bosh aylanishi, qusish, hushdan ketish. Bunday paytda jabrlanuvchini salqin joyga olib o‘tish, yuzini sovuq suvda yuvish va zudlik bilan shifokorga murojaat qilish talab etiladi.
Surunkali kasalligi borlar uchun jismoniy faollikni cheklash va shifokor maslahatisiz ko‘chaga chiqmaslik muhim. Yurak-qon tomir xurujlarining oldini olish uchun bunday sharaoitda og‘ir mehnatdan uzoqlashish kerak.





