
Jaziramada qanday jon saqlash mumkin? SSV javob berdi
17.07.2025 | 12:3037953
O‘zbekistonda 17–20 iyul kunlari havo harorati 45 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Mutaxassislar ayni paytda bolalar, keksalar va surunkali kasallar xavf ostida ekanini eslatib, fuqarolardan ehtiyot choralarini ko‘rishlarini so‘ramoqda.

«O‘zgidromet» ma’lumotlariga ko‘ra, yurtimizga janubiy issiq havo oqimi kirib kelmoqda. Quyoshli kunlarda termoregulyatsiya tizimiga yuklama ortishi organizmda holsizlik, oftob urishi, yurak-qon tomir kasalliklarining kuchayishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli, sog‘liqni saqlash mutaxassislari bir qator ehtiyot choralarini tavsiya etmoqda.
Avvalo, soat 12:00 dan 16:00 gacha quyosh nurlaridan himoyalanish, ko‘chaga chiqmaslik maqsadga muvofiq. Agar chiqishga to‘g‘ri kelsa, soyabondan foydalanish, yurishni soya joylarda amalga oshirish, kundalik faollikni ertalab yoki kechqurunga rejalashtirish kerak. Uyda esa quyosh tushadigan derazalarni yopiq holda ushlab, xonalarni shamollatish zarur.
Libos tanlashda yengil, tabiiy matodan tikilgan, och rangli kiyimlarga afzallik berilsin. Bosh kiyim, quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak va soyabon issiqdan saqlanishda yordam beradi. Tanani sovutish uchun xona haroratidagi suv bilan dush qabul qilish, bosh va bo‘yinga ho‘l sochiq qo‘yish foydali.
Faol jismoniy mehnat, sport mashg‘ulotlari organizmga ortiqcha yuk bo‘lishi mumkin. Mashg‘ulotlar konditsionerli binolarda, surunkali xastaliklari borlar esa shifokor bilan maslahatlashgan holda amalga oshirilishi kerak. Suvsizlanishni oldini olish uchun yetarlicha suyuqlik iste’mol qilish lozim.





