add

JCH-2026da O‘zbekiston o‘yinlari uchun chiptalar narxi ma’lum qilindi

Kecha 17:584042 daqiqa

FIFA 11-dekabrdan boshlab jahon chempionati o‘yin chiptalari egalarini aniqlash maqsadida o‘tkaziladigan tasodifiy tanlov bosqichi uchun arizalar qabul qilishni jarayonini boshladi.

JCH-2026da O‘zbekiston o‘yinlari uchun chiptalar narxi ma’lum qilindi

O‘zbekiston milliy jamoasining 2026 yilgi Jahon chempionati guruh bosqichi o‘yinlari uchun chiptalar narxi e’lon qilindi. FIFA 11-dekabrdan boshlab chipta egalari tasodifiy tanlov orqali aniqlanadigan maxsus ariza qabul qilish jarayonini ishga tushirdi.

O‘zbekiston milliy jamoasi muxlislari ham tashkilotning rasmiy saytiga kirib, ariza topshirishda «My team Uzbekistan» bandini tanlash orqali jamoaga ajratilgan sektorlar uchun so‘rov yuborishi kerak. Tanlovda g‘olib bo‘lgan ariza egalari kelasi yil fevral oyida e’lon qilinadi, to‘lov esa ko‘rsatilgan karta ma’lumotlari asosida avtomatik amalga oshiriladi.

Arizalarni topshirish muddati 12-dekabrdan 2026 yil 13-yanvargacha davom etadi. Bu jarayon FIFAning maxsus onlayn bo‘limi orqali amalga oshiriladi. O‘zbekiston milliy jamoasining guruh bosqichidagi har bir o‘yini uchun alohida chipta narxlari belgilangan bo‘lib, narxlar o‘yin o‘tkaziladigan joy va toifalarga qarab farq qiladi.

Dastlabki tur doirasidagi O‘zbekiston – Kolumbiya uchrashuvi 17-iyun kuni Meksikadagi 83 ming tomoshabin sig‘imiga ega «Asteka» arenasida bo‘lib o‘tadi. Ushbu o‘yin uchun chiptalar toifasiga qarab 220–600 dollar atrofida sotuvga chiqarilgan. Ikkinchi turda esa O‘zbekiston 23-iyun kuni AQSHning Hyuston shahrida Portugaliya bilan kuch sinashadi. 72 ming o‘rinli «NRG» stadionidagi mazkur bahs uchun chiptalar narxi 265–700 dollarni tashkil etadi.

Uchinchi tur o‘yinida O‘zbekiston Yangi Kaledoniya, Yamayka yoki Kongo DR bilan to‘qnash kelishi mumkin. Atlanta shahridagi 75 ming tomoshabin sig‘imiga ega «Mersedes Benz» arenasida 27-iyun kuni o‘tkaziladigan bu bahs uchun chiptalar eng arzon variant bo‘lib, 140 dollardan boshlanadi va 450 dollargacha yetadi.

Ma’lumot uchun, JCH-2026 musobaqasi 11-iyundan 19-iyulgacha AQSH, Kanada va Meksika stadionlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid