add

Jeff Bezos sun’iy intellekt sohasiga sarmoya tikish taloto‘pini «sovun pufagi» deb atadi

05.10.2025 | 11:0140994

Amazon asoschisi Jeff Bezos sun’iy intellekt atrofidagi sarmoya ajiotajini xavfli «pufak» deb baholab, u katta yo‘qotishlar bilan birga jamiyatga foyda ham keltirishi mumkinligini aytdi.

Jeff Bezos sun’iy intellekt sohasiga sarmoya tikish taloto‘pini «sovun pufagi» deb atadi
Amazon kompaniyasi asoschisi va dunyodagi eng boy insonlardan biri Jeff Bezos sun’iy intellekt sohasidagi hozirgi sarmoya taloto‘pini «pufak» — ya’ni ortiqcha qiziqish va sun’iy qiymat ortishi deb atadi. U bu haqda Italiyada bo‘lib o‘tgan «Italian Tech Week» forumida so‘zladi. Bezosning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellektga bo‘lgan haddan tashqari ruhlanish tufayli «har qanday tajriba va har qanday kompaniya yaxshi g‘oyalarni ham, yomon g‘oyalarni ham moliyalashtirilmoqda». Bloomberg agentligining yozishicha, u ayrim startaplar hali tayyor mahsulotsiz turib milliardlab dollar sarmoya olayotganini ta’kidladi. «Bunday ajiotaj paytida investorlar uchun yaxshi g‘oyani yomon g‘oyadan ajratish juda qiyin», — dedi Bezos. Shu bilan birga, u sun’iy intellekt har bir sohaga ta’sir ko‘rsatishini va dunyodagi har bir kompaniya samaradorligini oshirishini ta’kidladi. Bezos bu jarayonni 1990-yillardagi biotexnologiya sohasidagi «sanoat pufagi» bilan qiyosladi. O‘shanda ko‘plab kompaniyalar kasodga uchragan bo‘lsa-da, natijada inson hayotini saqlab qoladigan bir nechta muhim dori vositalari yaratilganini eslatdi. «Bunday sanoat pufaklari foydali ham bo‘lishi mumkin: vaqtincha g‘alayon pasayganda, haqiqiy yutuqlar aniq ko‘rinadi. Jamiyat bu kashfiyotlardan foyda ko‘radi», — dedi Bezos CNBC telekanaliga bergan izohida. Uning fikricha, SIning ijtimoiy foydasi ulkan bo‘ladi. Sun’iy intellekt atrofidagi «pufak» haqida ilgari ham yirik tadbirkorlar ogohlantirgan edi. OpenAI rahbari Sem Altman avgust oyida «aqlli odamlar ham ba’zan haqiqat urug‘ini ortiqcha baholaydi», degan edi. U ham SI sohasida sarmoyadorlarning haddan tashqari hayajonga tushganini tan olgan. Boshqa milliarder — Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask esa iyul oyida SI «ko‘pchilik odamlardan aqlliroq darajaga yetib bo‘lgani»ni aytdi. Forbes ma’lumotiga ko‘ra, Maskning boyligi 481,9 mlrd, Bezosniki esa 235,4 mlrd dollarni tashkil etadi.

Teglar

Mavzuga oid