
Jennifer Lopes konserti Toshkent iqtisodiyotiga qanday ta’sir qildi?
12.08.2025 | 11:307413
Up All Night — Live in 2025 turnesi Toshkentga 15 mingdan ortiq turistni jalb qilgan.

7 avgust kuni «Milliy» (Bunyodkor) stadionida o‘tkazilgan Jennifer Lopes konserti O‘zbekiston tarixida ilk bor xalqaro AAA toifasidagi san’atkorning chiqishi bo‘ldi. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ma’lumotiga ko‘ra, tadbir 15 330 nafar xorijiy turistni jalb qilgan. Ular orasida 8945 rossiyalik, 2495 qozog‘istonlik, qolganlari esa AQSH va Yevropa mamlakatlaridan bo‘lgan.
Stadionga jami 31 144 kishi tashrif buyurdi, 25 ming chiptaning 67 foizi xorijliklarga tegishli bo‘ldi. Chiptalar narxi 1 milliondan 4,2 million so‘mgacha bo‘lib, umumiy potensial daromad 25 mlrd so‘mdan 105 mlrd so‘mgacha baholangan. Konsertni tashkil etish uchun davlat byudjetidan mablag‘ ajratilmagan, chiptalarni sotish esa CA Entertainment zimmasiga yuklatilgan.
Gazeta.uz nashrining Madaniyat jamg‘armasi ma’lumotlariga tayanib bergan xabariga ko‘ra, konsertdan Toshkent iqtisodiyotiga 42,5 mlrd so‘mdan ortiq soliq tushgan.Tadbir davomida Toshkent mehmonxonalarining bandlik darajasi 25,7 foizga oshgan.
7 avgust kuni esa Chilonzor metro liniyasida yo‘lovchilar oqimi 16,5 ming kishiga ko‘paygan. Konsert kuni mehmonlarga qulaylik uchun 4 ta bepul avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgan edi.
Jami 115 tashkilot konsert tayyorgarligi va o‘tkazilishida ishtirok etgan. 18 ta fud-kort va savdo nuqtasi ishladi. Tartibni ta’minlash uchun 3800 huquq-tartibot xodimi, 300 ko‘ngilli va 500 obodonlashtirish xodimi safarbar etilgan.
Bu tadbir mehmonxona va restoran biznesiga kuchli turtki bo‘lib, O‘zbekistonning yirik xalqaro chora-tadbirlarni o‘tkazish salohiyatini namoyish etdi, deyiladi jamg‘arma xabarida.





