
Jennifer Lopesning konserti: Qozog‘iston ko‘proq foyda ko‘rdimi yoki O‘zbekiston?
14.08.2025 | 11:0027234
Ostona va Olmota shaharlaridagi konsertlarga 12 mingga yaqin turist tashrif buyurib, har biri o‘rtacha ming dollar sarflagan.

Qozog‘iston moliya vaziri Madi Takiyevning ma’lumot berishicha, amerikalik qo‘shiqchi Jennifer Lopesning Ostona va Olmota shaharlarida o‘tkazilgan konsertlari mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
«Umuman olganda, konsert foydali bo‘ldi. Birinchidan, Jey Lo yolg‘iz kelmaydi, u bilan birga qo‘shni davlatlardan 12 mingga yaqin turistlar ham tashrif buyurdi. Ostonadagi konsertga 5 mingga yaqin, Olmotadagi konsertga esa 7 mingga yaqin sayyoh keldi. Ularning barchasi mehmonxonalarda joylashdi, restoranlarga tashrif buyurdi, shahar bo‘ylab sayr qildi. Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, har bir sayyoh kamida ming dollar sarflaydi,» dedi Takiyev.Bu esa mahalliy xizmat ko‘rsatish sohasi va savdo aylanmasiga sezilarli ravishda foyda keltirgan.
«Hozircha aniq soliq tushumlari hisoblanmagan, chunki soliq to‘lash muddati hali kelmagan. Moliya vazirligi turizmdan tushgan foyda, mehmonxonalar va ovqatlanish muassasalaridagi narxlar o‘zgarishi hamda savdo aylanmasi bo‘yicha kuzatuv olib bormoqda. Barcha ma’lumotlar deklaratsiyalar taqdim etilganidan so‘ng aniq bo‘ladi» deya ta’kidladi vazir.Qozog‘iston milliy iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Serik Jumangarinning aytishicha, «Konsert tashkilotchilari 400 mln tenge (taxminan 743 ming dollar) daromad olishni rejalashtirgan. Soliq deklaratsiyasi 25 noyabrga qadar topshirilishi va 25 kun ichida soliq to‘lanishi kerak». Jennifer Lopesning Qozog‘istondagi konsertlari nafaqat tomoshabinlarga, balki turizm va xizmat ko‘rsatish sohasiga ham katta iqtisodiy rag‘bat berdi. Avvalroq konsertdan Toshkent iqtisodiyotiga 42,5 mlrd so‘mdan ortiq soliq tushgani, konserga 15 ming sayyoh kelgani va tadbir davomida Toshkent mehmonxonalarining bandlik darajasi 25,7 foizga oshgani haqida xabar bergan edik.





