add

Jizzax viloyatida ham 37 nafar bola oziq-ovqatdan zaharlangani aytilmoqda

10.10.2025 | 10:5913144

Mahalliy bog‘chalardagi bolalar isitma va ich ketishi belgilari bilan shifokorlarga murojaat qilganda, ularga «o‘tkir diareya» tashxisi qo‘yilgan.

Jizzax viloyatida ham 37 nafar bola oziq-ovqatdan zaharlangani aytilmoqda
Jizzax viloyatining Forish tumanida ham davlat bog‘chalaridagi bolalar ovqatdan zaharlangani aytilmoqda. Bu haqda Forish tumani hokimligi axborot xizmati xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil 9 oktyabr kuni soat 9:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan vaqt mobaynida tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 1-, 3-, 5- va 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 37 nafar bola salomatligi yomonlashganidan keyin shifokorlarga murojaat qilgan. Tibbiyot birlashmasi ma’lumotlariga ko‘ra, bolalarda isitma ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi, qorin og‘rig‘i, ich ketishi va holsizlik belgilari kuzatilgan. Epidemiologik surishtiruv natijasida ular 8 oktyabr kuni bog‘chalarda biokefir, sir va sariyog‘ mahsulotlarini iste’mol qilgani aniqlangan. Shu asosda bolalarga «o‘tkir diareya» tashxisi qo‘yilib, ularga statsionar holda tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Jizzax viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi dastlabki xulosasida ta’kidlanganidek, zaharlanishga oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, saqlash va ishlov berishdagi sanitariya qoidalari buzilishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu esa bolalarda ovqat hazm qilish tizimida buzilishga olib kelgan. Hozirda holat yuzasidan Forish tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismi («Xavfsizlik qoidalarini buzish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Forish tuman hokimligi axborot xizmati vaziyat nazorat ostida ekanini, zarar ko‘rgan bolalarga barcha zarur tibbiy yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qildi. Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida mingdan ortiq bola ovqatdan zaharlangan edi.

Teglar

Mavzuga oid