
Jizzaxda Aydar-Arnasoy ko‘llari bo‘yida zamonaviy turizm klasteri barpo etiladi
23.07.2025 | 08:0036603
Jizzax viloyatida 2025 yilning ilk yarmida 200 ta loyiha amalga oshirilib, 662 mln dollarlik investitsiya jalb qilindi. Prezident Mirziyoyev mazkur viloyatni kartoshka yetishtirish va turizm rivojida strategik mintaqa sifatida belgilanganini ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev 22 iyul kuni Jizzax viloyatiga amalga oshirgan ish safari davomida Zomin tumanida olib borilayotgan islohotlar, sanoat va qishloq xo‘jaligi loyihalari bilan tanishdi. Prezident tashrif davomida 12 xil kartoshka navini tezkor usulda yetishtirish, boboviy ekinlar ekish va irrigatsiya infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari taqdimotida qatnashdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Jizzaxda yangi Agromarkaz tashkil etildi. Bu markaz barcha agrar xizmatlarni bir joyda jamlagan holda faoliyat yuritadi. Hozirda 12 tonna superelita kartoshka urug‘lari bepul tarqatilib, 120 tonna urug‘ olish rejalashtirilgan. Bu esa aholining o‘z tomorqasidan daromad olishiga turtki bo‘ladi.
Aydar-Arnasoy ko‘llari bo‘yida zamonaviy turistik klaster quriladi. Bu hududning betakror tabiiy manzaralari va ekoturizm imkoniyatlari mavjud salohiyatni yuksaltirishga xizmat qiladi. Prezident bu tashabbuslar orqali hududdagi ishsizlikni bartaraf etish mumkinligini ta’kidladi.
Shuningdek, Mirziyoyev o‘zbek-xitoy texnoparki qurilishi bilan tanishdi. Bu yerda 9 ta loyiha amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 350 mln dollar sarmoya yo‘naltirilib, beton mahsulotlari zavodi ishga tushirildi. Yaqin vaqtda 42 mln dollarlik Midea maishiy texnika zavodi ham faoliyat boshlaydi.





