add

Jizzaxda yangilanishlar: Zomin–Baxmal yo‘li ta’mirlanadi, Aydar-Arnasoyga temiryo‘l tortiladi

03.12.2025 | 07:583182 daqiqa

Aydar-Arnasoy tizimida yirik turizm loyihalari boshlanmoqda: 45 km temir yo‘l quriladi, aeroport katta samolyotlarni qabul qilishga moslanadi, Zomin–Baxmal yo‘li ta’mirlanadi.

Jizzaxda yangilanishlar: Zomin–Baxmal yo‘li ta’mirlanadi, Aydar-Arnasoyga temiryo‘l tortiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Aydar-Arnasoy atrofidagi infratuzilmani tubdan yaxshilash bo‘yicha yirik qarorlarni e’lon qildi.

Mirziyoyevning aytishicha, Baxmalga olib boruvchi yo‘lning yomon holati sabab sayyohlar Zomindan qaytib ketmoqda. Agar Zomin va Baxmalning tog‘li hududlari yagona «turistik halqa» sifatida birlashtirilsa, Baxmalga Zominga kelayotgan turistlarning kamida yarmi tortiladi. Bu xizmat ob’ektlari sonini oshirib, minglab yangi ish o‘rinlari yaratadi hamda turizm eksportini sezilarli oshiradi.

Shu maqsadda 2026 yilda Zomin—Baxmal—G‘allaorol yo‘lining 158 kmlik qismi ta’mirlanadi. Baxmalda 39 gektar maydonda 40 mln dollarlik turistik klaster tashkil etish tashabbusi ma’qullandi. Tumanga «turizm tumani» maqomi berilib, ushbu hudud iqtisodiyotida xizmatlar ulushi yanada ortishi kutilmoqda.

Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi atrofida qurilayotgan yirik plyaj majmuasi va sog‘lomlashtirish markazlari Arnasoy tumani aholisi daromadlariga jiddiy turtki berdi. Prezident Arnasoyda yaqinda barpo etilgan aeroportni yirik havo kemalarini qabul qila oladigan darajada modernizatsiya qilish topshirig‘ini berdi. Bu hududga aviasayyohlik oqimini bir necha barobar oshirishi mumkin.

Yana bir muhim yangilik — Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimiga temiryo‘l qurilishi bo‘ldi. «O‘zbekiston temir yo‘llari»ga 45 kilometrlik yangi temir yo‘l liniyasini Do‘stlik tumanidan ko‘l hududigacha barpo etish vazifasi yuklatildi. Bu orqali ichki logistika, sayyohlar harakati va katta loyihalarni qurish jarayoni tezlashadi.

Bundan tashqari, 7 mlrd so‘m hisobidan Baxtli mahallasi infratuzilmasi yaxshilanadi: yo‘llar ta’mirlanadi, tungi yoritish tizimi o‘rnatiladi, turistik belgilar joylashtiriladi va manzaraviy daraxtlar ekiladi. Mahalla «turizm qishlog‘i»ga aylantiriladi.

Teglar

Mavzuga oid