add

Jizzaxdagi AES loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi

Bugun 14:15342 daqiqa

Jizzax viloyatida birinchi atom elektr stansiyasi loyihasining ekologik xavfsizligi jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi.

Jizzaxdagi AES loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi

23-dekabr kuni Jizzax viloyati Forish tumanida O‘zbekistonda ilk atom elektr stansiyasini qurish va ekspluatatsiya qilish loyihasining atrof-muhitga ta’sirini baholash materiallari bo‘yicha jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tdi.

11

Muhokamada Forish va qo‘shni tumanlar aholisi, mahalliy hokimiyat organlari, ilmiy va ekologik tashkilotlar, OAV vakillari hamda xorijiy ekspertlarni o‘z ichiga olgan 295 nafar ishtirokchi qatnashdi. Eshituvni Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev ochib berib, atom energetikasi loyihasi mamlakatning barqaror rivojlanishi yo‘lida strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

22

Muhokamalar davomida O‘zatom agentligi direktori Azim Ahmadxo‘jayev atom energetikasi O‘zbekistonning energetik mustaqilligi, kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tish va aholi turmush sifatini oshirishda muhim o‘rin tutishini qayd etdi.

Qayd etilishicha, ishtirokchilarga loyihaning texnik yechimlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Loyiha doirasida bir maydonda ikkita katta quvvatli VVER-1000 va umumiy o‘rnatilgan quvvati taxminan 2100 MW bo‘lgan ikkita kichik quvvatli RITM-200N energiya bloklarini joylashtirish rejalashtirilgan. Bu konfiguratsiya yiliga 15 milliard kWh atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.

33

Eshituvda xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislar passiv himoya tizimlari, «chuqur eshelonlangan himoya» tamoyillari hamda hatto favqulodda holatlarda ham stansiya xavfsizligi ta’minlanishi haqida tushuntirish berdi. Ishlatilgan yadro yoqilg‘isi va radioaktiv chiqindilar bilan ishlashda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining ko‘p yillik tajribasiga tayanilishi ma’lum qilindi.

44

Ekologik baholash natijalari loyiha Xalqaro atom energiyasi agentligi tomonidan belgilangan eng qat’iy xalqaro standartlarga va milliy qonunchilik talablariga to‘liq mos ekanini tasdiqladi. Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari radiatsion nazorat va aholining tibbiy muhofazasi masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, muhokama yakunida aholidan 60 dan ortiq savol va takliflar qabul qilindi. Ular radiatsiya xavfsizligi, suv resurslari, qishloq xo‘jaligi, yangi ish o‘rinlari va infratuzilma rivoji bilan bog‘liq bo‘ldi. Barcha takliflar aks etgan bayonnoma ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullanib, vakolatli organlarga yuboriladi.

Teglar

Mavzuga oid

Jizzaxdagi AES loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi | Vaqt.uz