
Jizzaxning ikkita tumaniga yangi hokimlar tayinlandi
22.08.2025 | 20:422644
Sharof Rashidov tumaning sobiq hokimi «pora » bilan hibsga olingan edi.

Bugun, 22 avgust kuni Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi va unda tumanga yangi rahbar tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, sessiya ishida Asilbek Rahmonovich Ashurov nomzodi viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev tomonidan Sharof Rashidov tumani hokimi lavozimiga tavsiya etgan. Uning nomzodi deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullangan.
Ma’lumot uchun, Asilbek Ashurov 2022 yildan buyon Paxtakor tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanining sobiq hokimi Mahmud Xolbo‘tayev 8 iyul kuni hibsga olingan edi. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi — «Pora olish» bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.Biroq hibsga olingan bo‘lishiga qaramay, hokim nomidan pul ajratishga oid 5 ta qaror chiqarilgani aniqlangandi.
Holat yuzasidan Jizzax viloyati prokuraturasi rasmiy munosabat bildirib, Sharof Rashidov tumani prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib borayotganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, bugun, 22 avgust kuni Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida ham Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi va unda tumanga yangi hokim tayinlandi.
Sessiya ishida Husan Bo‘ltakovich Abduvohidov nomzodi viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev tomonidan deputatlarga tanishtirilgan. Shundan so‘ng, viloyat rahbarining uni tuman hokimi vazifasini bajaruvchisi etib tayinlash to‘g‘risidagi qarori deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullangan.
Ma’lumot uchun, Husan Abduvohidov yangi lavozimga tayinlangunga qadar 2023 yildan buyon Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihada moliyaviy masalalar bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlab kelgan.





