add

Jo Baydenning jiddiy kasalligi borasidagi haqiqatni kimlar yashirdi? — jurnalistlar surishtiruvi

03.06.2025 | 22:45254116

The Wall Street journal nashri jurnalisti Kimberli Shtrassel Baydenning sog‘lig‘i haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lgan, ammo sukut saqlagan shaxslarning nomlarini ochiqladi. «Endi, yoqimsiz voqealar birin-ketin oshkor bo‘layotgan bir paytda, aybdorlarni topish osonlashdi».

Jo Baydenning jiddiy kasalligi borasidagi haqiqatni kimlar yashirdi? — jurnalistlar surishtiruvi
Jurnalistlar Aleks Tompson va Jeyk Tapperning «Asil gunoh» («Original Sin») nomli kitobi chop etildi. Unda Jo Bayden atrofidagilar uning holati haqida jamoatchilikdan haqiqatni qanday yashirgani va AQSHning sobiq prezidentini noxush ma’lumotlardan qanday himoya qilgani bayon etilgan. Bu mavzuda g‘arb matbuotida ham bir qator maqolalar va intervyular paydo bo‘ldi. The Wall Street Journal jurnalisti Kimberli Shtrassel esa barcha nashrlarni umumlashtirib, aybdorlarning nomlarini e’lon qildi. Quyida uning WSJ nashridagi maqolasining tarjimasi keltiriladi. * * * Jo Baydenning aqliy va jismoniy holati yomonlashgani haqidagi har qanday gaplarni yillar davomida bosib kelgan sukut kodeksi aslida umumiy harakatlarning muvaffaqiyatsizligi bo‘ldi. Demokratlar va matbuot Donald Trampni to‘xtatish va saylovda g‘alaba qozonishga shunchalik kirishib ketishdiki, natijada haqiqat va mamlakat manfaatlarini inkor etishdi. Ammo endi, bu kurashlar yutqazilgan, «Asil gunoh» kitobi sotuvga chiqqan va Baydenga rak tashxisi qo‘yilgan bir paytda, go‘yo to‘g‘on yorilib ketdi. To‘satdan hammada uning ishlay olmasligi haqidagi hikoyalari paydo bo‘ldi — va to‘satdan ko‘pchilik aybdorlarning nomlarini ochiqlashga tayyor bo‘lib qoldi. Bayden bilan kamroq aloqada bo‘lgan demokratlarga omad kulib boqdi — ular endi o‘zlarining avvalgi «Bayden sog‘lom edi» degan bayonotlarini vaziyatga qarab oqlashmoqda. Masalan: «Men uni kam-kam ko‘rardim, lekin ko‘rishgan paytimda u yaxshi edi». Bunday bayonotchilar ko‘pchilikni tashkil etadi, chunki «Asil gunoh» kitobida ta’kidlanishicha, vaqt o‘tishi bilan Baydenning atrofidagilar uni tashqi dunyodan tobora ko‘proq uzib borishgan. Ammo endi, nihoyat, biz uni ihotalagan va prezidentning kuchdan qolganini yashirganlarning nomlarini bilib olmoqdamiz, shuningdek, muammo haqida ogohlantirilgan, ammo ko‘z yumgan boshqa ishtirokchilar haqida ham eshitmoqdamiz. Keling, xulosa qilaylik.   Jill Bayden Prezidentning rafiqasi o‘zining Oq uyda to‘liq sakkiz yil o‘tkazish orzusini hech qachon yashirmagan. The New Yorker jurnalisti Devid Remnikka bergan intervyusida kitob muallifi Aleks Tompson shunday eslaydi: «Oiladagilardan biri aytgandi: barcha prezidentlar ikki muddat xizmat qiladi. Birinchi xonim jamoasi ham bu haqda allaqachon o‘ylay boshlagan edi: «Ikkinchi muddatda nima qilamiz?"» Tompsonning aytishicha, Jill Bayden prezidentning asosiy «himoyachisi» sifatida qabul qilingan va ma’muriyat xodimlari uni Amerika tarixidagi eng ta’sirli birinchi xonimlardan biri sifatida ta’riflagan. O‘tgan yozda Tompson xabar berishicha, Jill Bayden va uning yaqin yordamchisi Entoni Bernal hatto prezidentni Oq uy xizmatchilaridan ham izolyatsiya qilish darajasiga yetib borgan — oshpaz, xizmatkor va boshqa xodimlarga Jo Bayden bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri gaplashish taqiqlangan. Odatda, aynan oila a’zolari birinchi bo‘lib aqliy muammolarni payqashi va ularni anglash imkoniga ega bo‘ladi. Shunga qaramay, birinchi xonim hali ham turmush o‘rtog‘ining holati yaxshi ekanini ta’kidlashda davom etmoqda.   Yordamchilar Asta-sekin ravshan manzara shakllana boshladi: Baydenlar oilasi o‘zlari ishongan tor doiradagi yordamchilar prezident va tashqi dunyo o‘rtasida vositachiga aylandi. Ularning vazifasi prezidentning aloqalarini cheklash va uning sog‘lig‘i holati haqida har qanday savollarni yo‘qqa chiqarishdan iborat edi. Bu doiraga Entoni Bernal, 2023 yilgacha ma’muriyat rahbari bo‘lgan Ron Kleyn, uning o‘rinbosarlari Bryus Rid va Enni Tomasini, maslahatchilar Mayk Donilon va Stiv Riketti, shuningdek, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilar Jeyk Sallivan va Entoni Blinken kiradi. «Asil gunoh» kitobida Bayden ma’muriyati kotiblaridan birining so‘zi keltiriladi: «Men sanoqli odamlarning qo‘lida shuncha katta hokimiyat jamlangan bunday holatni hech qachon ko‘rmaganman. Ular hatto moliya vaziri [Janet Yellen]ga qo‘ng‘iroq qilmasdan ham muhim iqtisodiy qarorlarni qabul qilishardi». Boshqa dalillar ham keltirilmoqda: bu yordamchilar jamoatchilikdan faqat Baydenni emas, balki undan ham haqiqatni yashirishgan. Jumladan, demokratlarning aksariyati uning iste’fosini istaganini ham u bilmagan.   Shifokorlar Jo Baydenning 2009 yildan beri shaxsiy shifokori bo‘lib kelayotgan Kevin O'Konnor — u Baydenning o‘g‘li Bo Baydenga rak davolashda yordam bergan va 2021 yilda prezident shifokori lavozimiga tayinlangan. Baydenlar oilasiga yaqin do‘st deb ataladigan O'Konnor doimo prezident «xizmatga layoqatli» ekanini ta’kidlab kelgan — garchi u savollarga juda kam hollarda javob bergan bo‘lsa ham. Hisobotlarga ko‘ra, O'Konnor qattiq turib Baydenga kognitiv test o‘tkazish kerak emasligini aytgan, garchi ko‘plab shifokorlar 60 yoshdan oshgan bemorlarga muntazam bunday testlar o‘tkazib turadi (Bayden lavozimga kirishganida 78 yoshda edi). Tompson va Remnikning intervyusida shu shifokorning so‘zlari keltiriladi: «Men uni har kuni ko‘raman. Kognitiv testlar esa shifokor bemor bilan bir necha oyda bir uchrashganda o‘tkaziladigan testlardir. Agar uning aqliy qobiliyatlarida shubhangiz bo‘lsa — u o‘z ishini bajarayotganini ko‘ring». Agar O'Konnor haqiqatan ham har kuni Baydenni kuzatgan bo‘lsa, nima uchun u hozir hech kim inkor etmayotgan belgilar haqida ma’lum qilmagan? Boz ustiga, yangiliklardan ma’lum bo‘lishicha, prezidentning tibbiy guruhi Baydenda bir necha yil avval rivojlana boshlagan metastatik rakni ham aniqlay olmagan.   Vazirlar devoni «Asil gunoh» kitobi va yaqinda e’lon qilingan sobiq maxsus prokuror Robert Hurning Bayden bilan suhbat audioyozuvi hukumat rasmiylarini ayblovchilar safida ko‘rsatadi. Ular prezidentda muammolar borligini tushunib yetishlari kerak edi. Kitobda qayd etilishicha, hukumat majlislari juda kam o‘tkazilar va ular ham har doim oldindan tayyorlangan ssenariy bo‘yicha olib borilardi — shunday qilib Bayden vaziyatni nazorat qilayotgani ko‘rsatilardi. Nima uchun hech kim bu haqda gapirmagan? Bundan tashqari, sobiq Bosh prokuror Merrik Garland ham bor. Uning qo‘lida Hur o‘tkazgan so‘roqqa oid soatlab audioyozuvlar bor edi, lekin u yozuvlarni Kongressdagi respublikachilarga topshirishdan bosh tortdi. Kongressda qasamyod ostida Garland bu yozuvlarni eshitmasdan turib ham, ularni ochiqlashdan bosh tortganini aytdi. Nima uchun? Respublikachilar ushbu materiallar orqali Baydenning aqliy holatini baholashni istagan edilar. Agar vazirlar devoni a’zolari haqiqatan ham uning holatiga oydinlik kiritishni xohlaganida, ulardan harakat kutilish kerak edi. Ammo hech kim haqiqatni bilishga urinilmadi.   Matbuot «Asil gunoh» kitobi matbuotning Bayden sog‘lig‘i yomonlashgani haqidagi sukutini ajablanarli darajada chetlab o‘tadi. Uning mualliflaridan biri — Jeyk Tapper — o‘zi ham avval Baydenning xizmat qobiliyatini shubha ostiga qo‘yganlarni tanqid qilgan edi. Oqlash uchun ular shunday deyishardi: go‘yoki saylovga qadar bu haqda gapirishni hech kim xohlamagan. Ammo mana shunday murakkab mavzular aynan shuning uchun ham murakkabki, faqat kam sonli jurnalistlar prezidentlik muddati oxiriga qadar bu masalani ko‘tarishga jur’at eta olishdi. Endi esa demokratlar bu yashirish haqida gapirishni befoyda deb hisoblashmoqda — go‘yoki barchasi o‘tdi-ketdi, ular yutqazishdi, endi olg‘a qarash kerak. Ammo unutmaslik lozim: ular aynan mana shu yashirish orqali g‘alaba qozonishni niyat qilgan edilar. Agar shunday bo‘lganida edi, mamlakat chuqur konstitutsion inqirozga yuz tutayotgan bo‘lardi — agar Bayden noqobil holga tushganida uning atrofidagilar hokimiyatdan voz kechishni istamagan bo‘lsalar; yoki Bayden iste’fo berganida hokimiyat Kamala Harris qo‘liga o‘tib ketgan bo‘lardi. Mamlakat haqiqatni bilishga haqli — eng avvalo, bu kabi vaziyatlar yana takrorlanmasligi uchun, deyiladi maqolada.

Teglar

Mavzuga oid