
«Jonsiz» efir, sudga oshirilgan Mubashshir Ahmad ishi va Mirziyoyevdan Putinga ta’ziya — 24 iyul dayjesti
24.07.2025 | 23:0031138
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Prezidentni haqorat qilgan fuqaro Ozarboyjonda ushlanib, O‘zbekistonga qaytarildi
Yusupov Amonbek Abdulxaqovich — O‘zbekistonda Prezidentni haqorat qilganlikda ayblanayotgan shaxs — Ozarboyjonda ushlanib, rasmiy so‘rov asosida yurtiga qaytarildi. U 2025 yil aprel oyida ushbu davlat hududida qo‘lga olingan va xalqaro qidiruvda bo‘lgan.
Uning O‘zbekistonga ekstraditsiyasi «Fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari bo‘yicha huquqiy yordam hamda huquqiy munosabatlar to‘g‘risida»gi 2002 yilgi Konvensiya asosida amalga oshirildi. Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, Yusupov davlat rahbarining sha’ni va qadr-qimmatini kamsitganlik moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortiladi.
Endi O‘zbekiston «pravasi» BAAda ham o‘tadi
O‘zbekiston fuqarolari endilikda Birlashgan Arab Amirliklarida o‘z milliy haydovchilik guvohnomasi bilan avtomashina boshqarishi mumkin. Ya’ni, ular xalqaro guvohnoma rasmiylashtirish yoki mahalliy imtihon topshirishga muhtoj emas.
Gulf News ma’lumotiga ko‘ra, BAA Ichki ishlar vazirligi O‘zbekistonni haydovchilik huquqi tan olinadigan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritdi. Yangi tartib turizm, ta’lim yoki ishlash maqsadida kelgan fuqarolar uchun amal qiladi va faqat amaldagi guvohnoma talab etiladi.
Mirziyoyev Putinga hamdardlik bildirdi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 iyul kuni Amur viloyatida yuz bergan aviahalokat munosabati bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin nomiga rasmiy ta’ziya maktubi yo‘lladi. Unda halok bo‘lganlarning yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xabarovsk — Blagoo‘yeensk — Tinda yo‘nalishida parvoz qilgan samolyot Tinda aeroporti yaqinida radarlardan yo‘qolgan va so‘ngroq uning parchalari tog‘ yonida topilgan. Bortida 43 yo‘lovchi va 6 ekipaj a’zosi bo‘lib, omon qolganlar aniqlanmagan.
Mubashshir Ahmadga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudga oshirildi
Joriy yilning 14 iyul kuni Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan Alisher Tursunovga nisbatan ochilgan jinoyat ishi sudga yuborildi. Bu haqda uning advokati Ruslan Sodiqov Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2023 yil 11 avgust kuni Shayxontohur tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof tarzda tayyorlash, saqlash yoki tarqatish holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 244−3-moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilgan.
«Assalom yangi kun, xayr jonli efir?» — TVda haqiqatni so‘zlagan navoiylik jurnalistga bosim bo‘lgani aytilmoqda
«Navoiy» telekanali «Assalom, yangi kun!» ko‘rsatuvi boshlovchisiga viloyatda havodagi zaharli gazlar odamlarni qiynayotgani haqida jonli efirda gapirgani uchun bosim bo‘lgani aytilmoqda. Qolaversa, «Navoiy» telekanalidagi jonli efirlar to‘xtatilgan. Bu haqda jurnalist Ruslan Saburov o‘zining Facebookʼdagi sahifasida ma’lum qildi.
«Navoiy teleradiokompaniyasida har tong beriladigan jonli efir «o‘libdi», Akram Mukimov uning «joni»ni sug‘urib olibdi. Meni televideniyeda ishlaydi, deb o‘ylasa kerak, keksaroq yoshdagi bir hamqishlog‘im «jonli efir qani?», deb yozib qoldi. Nimani nazarda tutayotganini tushunmay, rosa o‘yladim. Topolmagach o‘zidan so‘radim. Bilsam u Navoiy telekanalidagi tonggi jonli efirni aytayotgan ekan. Qarang, har ko‘rsatuvning o‘z tomoshabini, muxlisi borda. Tomoshabin o‘rgangan, unga ekran chetida «jonli efir» degan yozuv chiqib turmasa hisob emas. Xullas, sekin surishtirib ko‘rsam, jonli efirni to‘xtatishibdi. Balki yozib olib berilayotgandir, unisini bilmadim. Keyin o‘sha hamqishlog‘imga «Ta’ziyamni qabul qiling, jonli efir «o‘libdi», uning «joni»ni sug‘urib olishibdi», deb yozib yubordim», — deya yozgan Saburov.
Vaqt.uz‘ga ma’lum bo‘lishicha, bugun viloyat teleradiokompaniyasi raisi va viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari Shohira Hamro ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan va tonggi jonli efirni vaqtincha to‘xtatish haqida masala ko‘tarilgan. Biroq jonli efirni davom ettirish qaroriga kelishgan.





