add

«Josuslik qilmoqda» — Isroil armiyasi zobitlardan Xitoy avtomobillarini qaytarib olmoqda

Isroil mudofaa armiyasi (SAHAL) yuqori unvonli zobitlarga berilgan Xitoyda ishlab chiqarilgan xizmat avtomobillarini xavfsizlik xavotirlari tufayli qaytarib olishni boshladi. Taqiq asosan Chery va BYD kabi modellarga taalluqli bo‘ldi.

«Josuslik qilmoqda» — Isroil armiyasi zobitlardan Xitoy avtomobillarini qaytarib olmoqda

Isroilda SAHAL yuqori lavozimli ofitserlar ixtiyorida bo‘lgan xitoy avtomobillarini qaytarib olish jarayonini boshladi. Bu haqda «Kalkalist» va «Israel Hayom» nashrlari mamlakat mudofaa vazirligi xavfsizlik bo‘yicha chiqargan rasmiy ogohlantiruviga tayanib xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, armiya taxminan 700 ga yaqin Xitoyda ishlab chiqarilgan avtomobilini, asosan Chery Tiggo 8 Pro modelini qaytarmoqda. Ushbu yetti o‘rinli krossoverlar 2022 yildan beri ko‘p bolali zobitlarga xizmat avtomobili sifatida taqdim etib kelingan.

SAHAL hozircha rasmiy izoh bermagan bo‘lsa-da, bu qaror mamlakat mudofaa vazirligi tomonidan ilgari berilgan xavfsizlik tavsiyalariga mos ravishda qabul qilingan.

Avvalroq, 2025 yil boshida Isroil harbiylari Xitoy avtomobillariga harbiy bazalarga kirishni taqiqlagan edi — sababi, ulardagi sensorlar va kameralar maxfiy ma’lumotlarni yig‘ib, Xitoy serverlariga uzatishi mumkinligi haqidagi shubhalar edi.

Le Figaro nashrining yozishicha, Isroil mudofaa vazirligi ayrim xitoycha modellarni «eng maxfiy harbiy ob’ektlar» hududlariga kirishdan mutlaqo man etgan. Shuningdek, hukumat davlat xaridlari ro‘yxatidan Xitoy elektromobillari — BYD va boshqa bir necha brendlarni chiqarib tashlagan.

Manbalar ta’kidlashicha, qarorning asosiy sababi — bu avtomobillar josuslik faoliyati uchun «ma’lumot yig‘ish platformasi» sifatida foydalanilishi mumkinligidan xavotir. Shu munosabat bilan SAHAL va mudofaa vazirligi 2026 yil boshiga qadar Xitoy avtomobillaridan butunlay voz kechishni rejalashtirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

«Josuslik qilmoqda» — Isroil armiyasi zobitlardan Xitoy avtomobillarini qaytarib olmoqda | Vaqt.uz