add

JSST mamlakatlardan zararli mahsulotlar narxini 50 foizga oshirishni so‘radi

03.07.2025 | 16:1515453

Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti mamlakatlarni 2035 yilgacha tamaki, alkogol va shirin ichimliklarning haqiqiy narxini kamida 50 foizga ko‘tarishga chaqirdi. Bu orqali sog‘liqni saqlashni yaxshilash va davlat byudjetiga daromad oshirish maqsad qilingan.

JSST mamlakatlardan zararli mahsulotlar narxini 50 foizga oshirishni so‘radi
JSST 3 iyul kuni e’lon qilgan bayonotda ta’kidlanishicha, zararli mahsulotlar iste’moli yuqumli bo‘lmagan xastaliklar — yurak, qandli diabet, saraton kabi kasalliklar epidemiyasini kuchaytirmoqda. Ushbu kasalliklar dunyo bo‘yicha o‘lim holatlarining 75 foizidan ortig‘ini tashkil qiladi. Tashkilot hisob-kitobiga ko‘ra, agar 2035 yilgacha tamaki va alkogolli ichimliklar narxi 50 foizga oshirilsa, keyingi 50 yilda taxminan 50 milliongacha erta o‘lim holatlarining oldini olish mumkin bo‘ladi. Ma’lum qilinishicha, 2012–2022 yillar oralig‘ida 140 ga yaqin mamlakatda tamaki mahsulotlariga soliq oshirilib, haqiqiy narxlar 50 foizgacha o‘sgan. Kolumbiyadan Janubiy Afrikagacha bo‘lgan ko‘plab mamlakatlar bu orqali aholi salomatligini yaxshilash bilan birga byudjet tushumlarini ham ko‘paytirish imkoniga ega bo‘lgan. Shu bilan birga, JSST ba’zi davlatlarda tamaki ishlab chiqaruvchilar uchun soliq imtiyozlari saqlanib qolganini, bu esa islohotlarga to‘sqinlik qilayotganini qayd etdi. Tashkilot hukumatlarga bunday imtiyozlarni qayta ko‘rib chiqish va kelgusida ulardan voz kechishni tavsiya qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid