add

Kambag‘al oilalar farzandlari bog‘cha to‘lovining bir qismidan ozod etiladi

24.10.2025 | 15:452601

Endi «Kambag‘al oilalar reyestri»ga kiritilgan oilalarning farzandlari nodavlat oilaviy bog‘chalarga borganda, to‘lovning ma’lum qismi davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.

Kambag‘al oilalar farzandlari bog‘cha to‘lovining bir qismidan ozod etiladi

Adliya vazirligi 2025 yil 23 oktyabrda «Kambag‘al oilalar reyestri»ga kiritilgan oilalarning farzandlarini qabul qilgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga (MTT) davlat tomonidan kompensatsiya to‘lash tartibini belgilaydigan nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Nizomga ko‘ra, «Kambag‘al oilalar reyestri»dagi oilalarning bolalari uchun bog‘cha haqining bir qismi davlat byudjeti mablag‘laridan qoplab beriladi. Bu orqali kam ta’minlangan oilalar farzandlarining maktabgacha ta’limga teng imkoniyatlar asosida qamrab olinishi ko‘zda tutilgan.

To‘lovni qoplash huquqiga ega oilalar ro‘yxati maxsus axborot tizimi orqali avtomatik tarzda shakllantiriladi. Bu usul orqali ortiqcha qog‘ozbozlikka chek qo‘yilib, jarayon shaffof amalga oshiriladi.

Kompensatsiya miqdori hududdagi davlat bog‘chalari uchun belgilangan ota-onalar to‘lovining 40 foiziga teng bo‘ladi. Ushbu mablag‘lar faqat 9 soatlik ish rejimida faoliyat yurituvchi umumiy turdagi oilaviy MTTlarga ajratiladi.

Shu bilan birga, davlat qoplashi mumkin bo‘lgan to‘lovlar soni bitimda belgilangan o‘rinlarning 15 foizidan oshmasligi shart. Kompensatsiyalar faqat haqiqatda MTTga qatnayotgan bolalar sonidan kelib chiqib ajratiladi.

Mazkur qaror ijtimoiy adolatni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va ta’lim sohasida teng imkoniyatlar yaratish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid