
Kambag‘al oilalar uchun imtiyozli kreditlar tartibi belgilandi
02.10.2025 | 16:3536533
Kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirish maqsadida «Kambag‘al oilalar reyestri»ga kiritilgan aholi noutbuk, kichik ishlab chiqarish uskunalari yoki tadbirkorlik uchun imtiyozli kredit ajratish belgilandi.

Hukumatning 612-son qaroriga ko‘ra, dastur AT «Xalq banki» va «Mikrokreditbank» ATB orqali amalga oshiriladi. Kreditlar asosiy vositalar, xususan ko‘chma do‘kon, motoroller, skuter kabi buyumlar uchun ham beriladi. Bu tashabbus «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturining amaliy davomi hisoblanadi.
Ariza berish jarayoni onlayn tarzda tashkil etiladi. Qarz oluvchi mustaqil ravishda yoki zarur hollarda «mahalla yettiligi» ko‘magi orqali maxsus platformaga ariza topshiraveradi. Arizalar elektron skoring baholash tizimi orqali bir ish kuni ichida ko‘rib chiqishga qabul qilinadi.
Kredit berishdan oldin javobgar xodim arizani besh ish kunida joyiga chiqib o‘rganadi va natija bo‘yicha fotohisobot tayyorlaydi. Shu asosda kredit ajratish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Kredit shartlari ham aholining imkoniyatiga mos ravishda belgilangan. Noutbuk sotib olish uchun 15 million so‘mgacha kredit besh yil muddatga, ikki yillik imtiyozli davr bilan beriladi. Shuningdek, tadbirkorlikni boshlash uchun qiymati 30 million so‘mgacha bo‘lgan asosiy vositalarni xarid qilishga ham besh yilgacha muddat bilan kredit ajratiladi.
Bu tartib nafaqat kambag‘al oilalarning kundalik ehtiyojlarini qondirish, balki ularning o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishiga ham xizmat qiladi. Natijada aholi bandligi va turmush darajasi oshishi kutilmoqda.





