
Kambag‘al oilalarga daraxt ekkani uchun subsidiya beriladi
O‘rmon fondi yerlarida daraxt ekib parvarishlagan kambag‘al oilalarga davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash yo‘lga qo‘yiladi.

Hukumatning 18-dekabrdagi 798-sonli qarori bilan kambag‘al oila a’zolariga o‘rmon fondi yerlarida ekilgan daraxtlar uchun subsidiya ajratish tartibini belgilaydigan nizom tasdiqlandi. Ushbu qaror aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bilan birga, yashil hududlarni kengaytirishga qaratilgan.
Nizomga muvofiq, kambag‘al oila a’zolari tomonidan o‘rmon fondi yerlarida ekilgan va belgilangan tartibda parvarishlangan har 100 ta daraxt uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida subsidiya ajratiladi. Bu qo‘llab-quvvatlash aholini daraxt ekish va atrof-muhitni muhofaza qilish ishlariga faol jalb etishni maqsad qiladi.
Talabgor belgilangan tartibda o‘rmon xo‘jaligi tashkiloti tomonidan tayinlangan mas’ul xodim — murabbiyning tavsiyalari asosida maydonni tayyorlaydi. Daraxt ko‘chatlari bir mavsum davomida ekilganidan so‘ng, ularni parvarish qilish ham talabgor zimmasiga yuklanadi.
Ekilgan ko‘chatlar murabbiy va tuman yoki shahar ekologiya bo‘limi xodimlari ishtirokida joyiga chiqqan holda tekshiriladi. Natijalar dalolatnoma va fotohisobot asosida rasmiylashtiriladi. Shu asosda daraxtlar qabul qilib olinadi.
Shundan so‘ng, tuman yoki shahar ekologiya bo‘limi tomonidan «Ekofaol fuqaro» platformasida har bir talabgor uchun shaxsiy kabinet ochiladi. Unda ekilgan daraxt ko‘chatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritiladi va besh ish kuni ichida tasdiqlanadi yoki rad etiladi.
Ma’lumotlar tasdiqlanganidan keyin, ekologiya bo‘limi subsidiyaning 50 foizini to‘lash uchun hududiy ekologiya boshqarmalariga talabnoma yuboradi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha tegishli boshqarmalar mablag‘larni besh ish kuni mobaynida talabgorning bank kartasiga o‘tkazib beradi.





