add

Kambag‘allik darajasi 5,8 foizga tushdi — Prezident

Bugun 11:551322 daqiqa

Joriy yilda daromadli aholi soni oshdi, ishsizlik kamaydi va kambag‘allikni qisqartirish rejasi muddatidan oldin bajarildi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ma’lum qildi.

Kambag‘allik darajasi 5,8 foizga tushdi — Prezident

Joriy yilda O‘zbekistonda aholini ish bilan ta’minlash va ijtimoiy himoyani kuchaytirish borasida sezilarli natijalarga erishildi. Yil davomida 5 million nafar aholi daromadli bo‘lib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi. Bu mehnat bozorida faollik oshgani va amalga oshirilgan dasturlar samara berganini ko‘rsatadi.

Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari natijasida qariyb 1,5 million nafar ehtiyojmand aholi kambag‘allikdan chiqdi. Ilk bor 1 ming 435 ta mahalla «kambag‘allikdan xoli» hudud sifatida e’tirof etildi. Bu mahalla darajasida kambag‘allikka qarshi ish olib borish samaradorligi oshganini anglatadi.

Bolalarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida ham muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi. Kambag‘al oilalarga mansub 168 ming nafar bola davlat bog‘chalariga imtiyozli asosda qabul qilindi. Shuningdek, joriy yildan boshlab 208 ta bog‘chada ilk bor inklyuziv ta’lim tizimi joriy etildi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida mamlakatda kambag‘allik darajasi yil boshidagi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushdi. Bu so‘nggi yillarda erishilgan eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

Prezident ta’kidlaganidek, islohotlar boshlangan paytda aholining qariyb uchdan bir qismi kambag‘allik chegarasida yashagan. Kredit, subsidiya va kompensatsiya kabi 100 dan ortiq xizmatlar orqali ijtimoiy himoyaning mutlaqo yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi va vakolatlar mahalladagi «yettilik»ka berildi.

Natijada 8,5 milliondan ortiq fuqaro kambag‘allikdan chiqdi, ishsizlik ikki barobarga qisqardi. Shu tariqa 2026 yil yakunigacha kambag‘allikni ikki karra kamaytirish bo‘yicha belgilangan maqsad joriy yilning o‘zidayoq bajarildi.

Teglar

Mavzuga oid