
Kamchatkada 475 yil ichida ilk bor «Krasheninnikov» vulqoni uyg‘ondi
03.08.2025 | 15:0014662
Rossiyaning Kamchatka yarimorolida joylashgan «Krasheninnikov» vulqoni 475 yillik sukutdan so‘ng ilk bor otilishni boshladi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, otilish 3 avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 4:50 da qayd etilgan. Oxirgi marta vulqon taxminan 1550 yilda faollashgani ma’lum.
Kamchatka vulqon otilishiga qarshi kurash guruhi (KVERT) xabariga ko‘ra, otilish vaqtida kul ustuni 5–6 kilometr balandlikka ko‘tarilgan. Kul to‘dasi sharq tomon 75 kilometrgacha yoyilgan. Hodisa munosabati bilan vulqon uchun «to‘q sariq» aviatsiya xavf-xatar kodi belgilangan, bu ayniqsa past balandlikda uchuvchi samolyotlar uchun jiddiy tahdidni anglatadi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi fuqarolarga otilish hududiga yaqinlashmaslikni qat’iy tavsiya qilmoqda. Shuningdek, vulqonga chiqish yoki hududga borish urinishlari mutlaqo taqiqlangani qayd etilgan.
«Krasheninnikov» vulqoni Kamchatkaning Sharqiy vulqon kamari tarkibiga kiradi va mintaqa ma’muriy markazi Petropavlovsk-Kamchatskiydan taxminan 200 kilometr uzoqlikda joylashgan. Mutaxassislar otilish faoliyatining qancha vaqt davom etishini aytib berish qiyinligini, ammo vaziyat doimiy nazoratda ekanini bildirishgan.





