
Kasbiy ta’lim muassasalari akkreditatsiyasi uchun yangi baholash mezonlari joriy etildi
Yangi tartib ta’lim sifati, infratuzilma va inklyuzivlik kabi yo‘nalishlarni qamrab olib, muassasalar faoliyatini aniq mezonlar asosida baholashni nazarda tutadi.

Kasbiy ta’lim tashkilotlarini kompleks davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish jarayonida baholash mezonlari va indikatorlari rasman tasdiqlandi. Bu bo‘yicha Adliya vazirligi tegishli indikatorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
«Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonunning 58-moddasiga muvofiq, professional, ya’ni kasbiy ta’limni amalga oshiruvchi davlat va nodavlat ta’lim muassasalari davlat ta’lim standartlari hamda ta’lim dasturlariga muvofiqlik nuqtai nazaridan kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazilishi shart.
Yangi tartibga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlari 7 ta yo‘nalish doirasida belgilangan 37 ta mezon asosida baholanadi. Ushbu mezonlar bo‘yicha jami 203 ta indikator joriy etilgan bo‘lib, ular ta’lim sifatini kompleks tahlil qilishga qaratilgan.
Indikatorlarning 12 tasi, ya’ni 5,9 foizi majburiy hisoblanadi. Ular qatoriga kutubxonada o‘quvchilar kontingentiga mos o‘quv adabiyotlarining mavjudligi, ta’lim dasturlariga mos bino va inshootlar bilan ta’minlanganlik kabi talablar kiradi. Qolgan 191 ta indikator, ya’ni 94,1 foizi umumiy indikatorlardan iborat bo‘lib, o‘quv xonalarining nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirilganligi, pedagog va o‘quvchilarni rag‘batlantirish choralari kabi masalalarni qamrab oladi.
Barcha indikatorlar «muvofiq» yoki «muvofiq emas» shaklida baholanadi. Agar indikatorlarning 50 foizigacha qismi «muvofiq» deb topilsa, mezon «muvofiq emas» hisoblanadi. 50–60 foiz oralig‘ida bo‘lsa — «qisman muvofiq», 60 foiz va undan yuqori natijada esa mezon «muvofiq» deb e’tirof etiladi. Shu bilan birga, biror majburiy indikator «muvofiq emas» deb baholansa, umumiy natijadan qat’i nazar, tegishli mezon avtomatik ravishda «muvofiq emas» deb topiladi.





