
Katta tozalash yoki o‘xshamagan davlat to‘ntarishi? — Xitoyda yuqori lavozimli generallar hibsga olindi
Xitoy oliy harbiy qo‘mondonligini larzaga keltirgan hibslar partiya ichidagi qudrat kurashlari yangi bosqichga chiqqanini ko‘rsatmoqda. Kuzatuvchilar bu jarayonni Si Jinpingning to‘rtinchi muddatga tayyorgarligi bilan bog‘lamoqda.

Tasdig‘ini topgan mish-mishlar
O‘tgan haftada Xitoy Kommunistik partiyasi oliy harbiy qo‘mondonligidagi Markaziy harbiy komissiya (MHK) raisi o‘rinbosari Jang Yusia va Qo‘shma shtab boshlig‘i Liu Jenli hibsga olingani haqida mish-mishlar tarqaldi.
Bunga ularning 2026 yil 20-yanvar kuni provinsiya va vazirlik darajasidagi mansabdorlar uchun o‘tkazilgan partiyaning yuqori darajali tayyorlov seminari ochilish marosimida qatnashmagani sabab bo‘ldi. Ularning yo‘qligi darhol signal sifatida qabul qilindi. 23-yanvar kuni seminarning yopilish sessiyasida esa partiya Tashkiliy departamenti rahbari Shi Tayfeng ishtirok etdi, ammo Jang va Liu yana yo‘q edi. Shu paytga kelib, onlayn muhitda siyosiy-harbiy tanazzul haqidagi taxminlar tez tarqala boshladi.

Jang Yusia 2025 yil 5-mart kuni Pekinda Butunxitoy xalq vakillari qurultoyining ochilish sessiyasida. Foto: Getty Images
Ertasi kuni, 24-yanvarda Xitoy Milliy mudofaa vazirligi vakili Jang Yusia va Liu Jenli «jiddiy intizom va qonun buzilishida shubhalanilayotgani» uchun tergov ostida ekanini rasman ma’lum qildi.
E’lonning tezligi va bevositaligi xorijdagi kuzatuvchilarni hayratga soldi. Chunki rasmiy axborot Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasidagi ikki eng qudratli qo‘mondonning ushlab turilganiga oid xabarlarni tasdiqlabgina qolmasdan, bu oddiy korrupsiyaga qarshi odatiy ish emas, balki Xitoy harbiy kuchlarining eng yuqori pog‘onasidagi katta tozalash ekanini ochiqladi.
Muvaffaqiyatsiz harbiy to‘ntarish da’volari
2026 yil 23-yanvar kuni AQSHda yashovchi xitoylik mustaqil tahlilchi Say Shenkun «X» ijtimoiy tarmog‘ida Jang Yusia va kamida 17 nafar yuqori lavozimli Xalq Ozodlik Armiyasi generali qo‘lga olingani haqida yozdi.
Sayning so‘zlariga ko‘ra, ushlab turilganlar orasida general Liu Jenli, general Siao Tianlian va general-leytenant Jung Shaochung ham bor. Bu operatsiya Xitoy Ichki ishlar vazirligi maxsus xizmat byurosi, partiyaning eng yuqori rahbarlarini himoya qiladigan Markaziy qo‘riqlash byurosi va partiyaning ichki xavfsizlik va nazorat organi hisoblangan Markaziy intizomni nazorat qilish komissiyasi ishtirokida amalga oshirilgani xabar qilindi.
«Bu og‘ir vaznli harbiy inqilobga teng», — deb yozdi Say.
Uning da’vo qilishicha, hibsga olishlar 22-yanvar kuni provinsiya darajasidagi mansabdorlarga ichki tarzda ma’lum qilingan va bu haqda ommaga kengroq axborot tarqatish keyingi kunga rejalashtirilgan. Sayning ogohlantirishicha, tozalash hali tugamagan va yaqinda katta sonda general-leytenantlar, general-mayorlar va hatto diviziya komandirlari ham qo‘lga olinadi.
Pekindagi lokdaun va tungi qo‘lga olishlar
Avstraliyada yashovchi Xitoyning mustaqil jurnalist Jiang Vanjeng o‘z manbalari orqali qo‘shimcha tafsilotlarni ochiqladi.
Jiangga ko‘ra, 2026 yil 18-yanvar kuni soat 22:00 atrofida Pekindagi barcha armiya ofitserlari to‘satdan o‘z bo‘linmalariga chaqirilgan va ehtiyot rejimiga o‘tkazilgan. 19-yanvar kuni Jang Yusianing o‘g‘li va uning ijroiya kotibi ushlab ketilgan. 20-yanvar kuni ertalab esa Jangning o‘zi so‘roq uchun chaqirilgan.

2023 yil 4-mart kuni Jang Yusia (o‘ngda) Markaziy harbiy komissiya raisi o‘rinbosarlari He Veydong (chapda) bilan birga Pekinda Xitoy Xalq Siyosiy Maslahat Kengashining ochilish sessiyasida ishtirok etmoqda. Foto: Noel Celis / AFP via Getty Images
Jiangning so‘zlariga ko‘ra, partiya Siyosiy byurosi doimiy qo‘mitasi a’zosi va rais Si Jinpingga sodiq bo‘lgan Say Si general Jangning qo‘lga olinishini shaxsan nazorat qilgan va yangi tashkil qilingan Markaziy harbiy komissiya siyosiy tekshiruv topshiriq guruhiga rahbarlik qilgan.
«Jang Yusia va Si Jinping bir vaqtlar bir manfaat guruhida ittifoqchi bo‘lishgan. Ammo Si Jangning ketishini xohlagan. Jang bu taklifni rad etgan. Buning oqibatida yuzaga kelgan to‘qnashuv Chjanning lavozimdan chetlatilishi bilan yakunlandi», – deydi Jiang.
Liu Jenli va Jang Yusia kim?

Liu Jenli. Foto: Florence Lo/EPA
Liu Jenli, 61 yoshda, Xalq Ozodlik Armiyasining eng tajribali qo‘mondonlaridan biri hisoblanadi. U avval 38-Guruh Armiyasi qo‘mondoni, Qurolli Kuchlar shtabi boshlig‘i, Qurolli Kuchlar qo‘mondoni va Xalq Qurolli Politsiyasi shtabi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2023 yil mart oyida u Markaziy harbiy komissiya Qo‘shma shtabi boshlig‘i etib tayinlandi, bu esa uni Xitoyning harbiy rejalashtirish markaziga qo‘ydi.
Jang Yusia bilan birga uning hibsga olinishi tozalashning qanchalik keng miqyosli ekanini ko‘rsatadi.

2023 yil 11-mart kuni Markaziy harbiy komissiya raisi o‘rinbosari Jang Yusia (minbar oldida) Xitoy Butunxitoy xalq vakillari qurultoyining To‘rtinchi yalpi yig‘ilishi ochilish sessiyasida Komissiyaning yangi tayinlangan a’zolari bilan birga qasamyod qilmoqda. Liu Jenli chapdan birinchi. Foto: Lintao Jang / Getty Images
75 yoshli Jang Yusia esa Kommunistik partiya nazoratidagi va rais Si Jinping rahbarlik qiladigan Markaziy harbiy komissiya raisi o‘rinbosari hisoblanadi. U, shuningdek, partiyaning 24 nafar a’zodan iborat eng yuqori qaror qabul qiluvchi organi — Siyosiy byuro a’zosi hamdir.
Chjanning otasi Xitoy Kommunistik partiyasining asoschilaridan bo‘lgan generallardan biri edi. Jang 1968 yilda armiyaga qo‘shilgan va jang tajribasiga ega bo‘lgan kam sonli yuqori lavozimli rahbarlardan biri hisoblanadi. U Xitoy armiyasi uchun belgilangan odatiy nafaqa yoshi ortda qolganiga qaramasdan lavozimda qoldirilgan edi, bu esa shu paytgacha u Si Jinpingning ishonchli odami bo‘lganini ko‘rsatardi.
Si Jinping hokimiyatga kelganidan buyon turli sohalarda korrupsiyaga qarshi keng ko‘lamli kampaniyalar olib bormoqda. So‘nggi paytlarda bu kampaniya ayniqsa harbiy sohada faollashgan. Si korrupsiyani Kommunistik partiya uchun «eng katta tahdid» deb atab, unga qarshi kurash «hali ham og‘ir va murakkab»ligini ta’kidlab keladi.
Tarafdorlar bu siyosat samarali boshqaruvni ta’minlashga xizmat qiladi, deb hisoblaydi. Tanqidchilar esa uni siyosiy raqiblarni chetlatish vositasi sifatida qo‘llanilayotganini aytmoqda.
Jang Yusia va Liu Jenli lavozimdan chetlatilgandan so‘ng, kuzatuvchilar qayd etishicha, Xitoy kommunistik partiyasining 20-qo‘mitasida Markaziy harbiy komissiyaga saylangan qo‘mondonlar orasida faqat Si Jinping va Chjan Shengmin qolgan. Boshqa yuqori martabali shaxslar — Li Shangfu, Miao Hua, He Veydong, Jang Yusia va Lyu Jenli — ketma-ket lavozimidan bo‘shatilgan.
Kutilmagan o‘lim va xavotirli propaganda signali
2026 yil 23-yanvar kuni Jang Yusia qo‘lga olingani haqidagi xabar tarqalgan paytda, uning sobiq rahbari, armiya Bosh logistika boshqarmasi sobiq direktori Liao Silungning 85 yoshida to‘satdan vafot etgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Liao ilgari harbiy proteksiya tarmoqlarida kuchli shaxs bo‘lgan. Xitoy onlayn ensiklopediyalari uning vafot sanasini 2026 yil 23-yanvar deb yangiladi. Bu sana ko‘pchilikning diqqatini tortdi. Bir kun oldin, Say Shenkun yana bir nafaqadagi generalning dafn marosimida Chjan Yusya tomonidan yuborilgan guldastalar to‘satdan olib tashlangani haqida xabar bergan edi.
Kuzatuvchilar generallarning siyosiy o‘chirilishi belgilarini aniqlash maqsadida harbiy dafn marosimlarini diqqat bilan tahlil qila boshladi. Shu kuni Xitoy Markaziy televideniyesi harbiy kanali targ‘ibot videoroligini chiqardi, unda armiya askari shunday dedi:
«Men jangovar xizmat uchun janub-sharqiy sohilga keldim. Bugun mening orzum amalga oshmoqda».
Bu video darhol taxminlarga sabab bo‘ldi: Si Jinping ichki tozalashdan so‘ng Xalq Ozodlik Armiyasini Tayvanga qarshi harbiy operatsiyaga tayyorlashi mumkin.
Xalqaro xavotir va AQSH razvedkasi e’tibori
Jang Yusia qo‘lga olingani haqidagi xabarlar Vashingtonda tez e’tiborni tortdi. 2026 yil 23-yanvar kuni AQSH Harbiy razvedka agentligi sobiq direktori va milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchi Maykl Flin shunday yozdi:
«Shoshilinch xabar: Xitoy kommunistlar partiyasi ichida to‘ntarish boshlangan ko‘rinadi. Partiya va uning harbiy rahbaryatida katta beqarorlik. Bu oqibatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri AQSH tashqi siyosatiga, Hind-Tinch okeani mintaqasidagi kuchlar muvozanatiga va AQSH–Xitoy munosabatlarining kelajak yo‘nalishiga ta’sir qiladi».
Flin Si Jinpingni ichki inqirozdan keladigan og‘ir oqibatlarga tayyorlanishga chaqirdi.
Ichki urushga cho‘milgan rejim
Tayvanlik mudofaa tahlilchisi Shen Mingshining qayd etishicha, 2024 yil o‘rtalarida Xitoy Kommunistik Partiyasining Uchinchi Plenumidan beri ichki qudrat kurashlari kuchaygan. Har yilgi «Ikki Sessiya» yaqinlashar ekan, partiyaning 21-qo‘mitasi uchun rahbarlik tayinlovlari ko‘zda tutilsa, yanada beqarorlik yuzaga kelishi ehtimoldan xoli emas.

Markaziy harbiy komissiya raisi o‘rinbosari Jang Yusia (o‘ngda) Xitoy raisi Si Jinping (o‘rtada) bilan birga 2025 yil 22-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan harbiy unvon berish marosimida qatnashmoqda. Foto: «Xinhua».
Xitoy Konstitutsiyasiga ko‘ra, davlat va Xitoy kommunistik partiyasi rahbari Markaziy harbiy komissiyani boshqaradi va harbiy qo‘shinlar ustidan oliy qaror qabul qilish vakolatiga ega bo‘ladi. Bu “raislik mas’uliyati tizimi” harbiy qo‘shinlar ustidan partiyaning mutlaq nazoratini ta’minlash uchun mo‘ljallangan.
Xalq Ozodlik Armiyasining mazkur hibslar bo‘yicha munosabatida qayd etilishicha, ikki general «siyosiy va korrupsiya muammolariga aralashib qolgan, bu esa partiyaning harbiy qo‘shinlar ustidan mutlaq rahbarligiga tahdid soladi va partiya hokimiyatining asosini xavf ostiga qo‘yadi».
Ushbu izohlar Sining to‘rtinchi muddatga saylanishi uchun kurashda armiyaning muhim ahamiyatini ko‘rsatadi, partiya buni 2027 yilda bo‘lib o‘tadigan keyingi qurultoyida tasdiqlashi kerak bo‘ladi. Partiya fuqarolik urushi orqali hokimiyatni qo‘lga kiritgani va asoschilarining ko‘pchiligi urushlarda ishtirok etgani sababli, harbiy qo‘shinlarning nazorati zarur deb hisoblanadi.
«Harbiylar partiya rahbarlariga qarshi chiqa olgan Xitoydagi yagona tashkilot», deydi AQSH Markaziy razvedka boshqarmasining Xitoy tahlili bo‘limi sobiq rahbari, Xitoy armiyasi bo‘yicha mutaxassis Dennis Uilder.
U 1959 yilda mudofaa vaziri Pen Dehuayning Mao Jedong siyosatiga tanqidi va 1971 yilda general Lin Biao tomonidan tashkillashtirilgani taxmin qilingan to‘ntarishga urinishni misol sifatida keltirdi.

Xitoy Xalq Respublikasi raisi va Markaziy harbiy komissiya rahbari Si Jinping. Foto: «Xinhua»
Singapurdagi «S Rajaratnam» Xalqaro tadqiqot maktabida assistent professor bo‘lib ishlayotgan Jeyms Char Xitoydagi voqealarni izohlar ekan, Jang Yusia yoki boshqa mansabdor ochiqchasiga Si Jinpingga qarshi chiqa olganiga shubha bildirdi. Ammo u Jangning hibsga olinishi fraksiyaviy siyosat bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Osiyo jamiyati Siyosat instituti (Asia Society Policy Institute) qoshidagi Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi bo‘yicha ekspert Layl Morrisga ko‘ra, Si bunday dramatik harakat qilgani partiyaning to‘liq qo‘llab-quvvatlashiga ega ekanini va harbiy qo‘shinlar ustidan vakolatni mustahkamlaganiga ishonch hosil qilishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Teglar






