
KFC, EVOS, Oqtepa Lavash – qaysi ko‘proq soliq to‘lagan?
Soliq qo‘mitasi umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan to‘langan soliq miqdori, tovar aylanmasi va ularga berilgan imtiyozlar bo‘yicha ma’lumot berdi.

2025 yilning yanvar–sentabr oylarida umumiy ovqatlanish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 20 239 ta yuridik shaxs tomonidan 1,2 trln so‘m soliq to‘langan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ushbu davr mobaynida bu korxonalarning tovar aylanmasi 14,7 trln so‘mni tashkil etgan. Shu jumladan, ularga jami 126,6 mlrd so‘mlik soliq imtiyozlari berilgan.
Shuningdek, 9 oy mobaynida umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan to‘langan soliqlarning 244,3 mlrd so‘mi yoki 19,5 foizi 20 ta kompaniya hisobiga to‘g‘ri keladi. Ularning jami tovar aylanmasi 3,2 trln so‘m, olgan soliq imtiyozlari esa 34,7 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Jumladan, eng ko‘p soliq to‘laganlar ro‘yxatida yetakchi uchtalikda quyidagi kompaniyalar turibdi:
«International Foodchain» MCHJ (KFC) – 72,5 mlrd so‘m;
«Mak Food Servis» MCHJ (EVOS) – 50,3 mlrd so‘m;
«Oqtepa-Food-Service» MCHJ (Oqtepa Lavash) – 28,6 mlrd so‘m.
Ma’lumot uchun, 2025 yil 4-noyabr holatiga ko‘ra, 59,1 mlrd so‘m QQS turizm, umumiy ovqatlanish va ayrim qishloq xo‘jaligi korxonalariga qaytarildi.





