
Kolumbiyada yo‘lovchi samolyoti qulab tushdi
Kolumbiyada ichki reysni amalga oshirayotgan samolyot qulashi oqibatida barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari halok bo‘ldi.

Kolumbiyada davlatga qarashli Satena aviakompaniyasiga tegishli Beechcraft 1900 rusumli yo‘lovchi samolyoti halokatga uchradi. Hodisa oqibatida bortda bo‘lgan 15 nafar inson — 13 yo‘lovchi va ikki ekipaj a’zosi hayotdan ko‘z yumgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot parvoz vaqtida aloqa uzilganidan so‘ng tog‘li hududga qulagan.
Parvozdan 12 daqiqadan so‘ng aloqa uzilgan
Samolyot Kukuta shahridagi Kamilo Dasa aeroportidan mahalliy vaqt bilan 11:42 da uchib chiqqan. Parvozdan 12 daqiqa o‘tib, soat 11:54 da havo kemasi bilan oxirgi bor aloqa o‘rnatilgan. Shundan so‘ng samolyot dispetcherlar nazoratidan chiqib ketgan.
Havo kemasi Okaniya munitsipalitetida joylashgan Aguas-Klaras aeroportiga mahalliy vaqt bilan taxminan 12:05 da qo‘nishi rejalashtirilgan edi. Samolyotning so‘nggi koordinatalari Playa-de-Belen va Xakari munitsipalitetlari orasidagi qiyin relefli tog‘li hududda qayd etilgan.
Tekshiruvlar natijasi
Satena aviakompaniyasi ma’lum qilishicha, dastlabki tekshiruvlar samolyotda yonilg‘i tugab qolgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, favqulodda holatlarda avtomatik ishga tushadigan radio mayoq signal bermagani ma’lum qilingan. Bu holat qutqaruv ishlarini qiyinlashtirgan.
Qulagan samolyot qoldiqlarini mahalliy aholi aniqlagan. Hodisa joyiga qutqaruv xizmatlari va tergov guruhlari yo‘naltirilgan. Ayni paytda fojia sabablarini aniqlash bo‘yicha rasmiy surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Halok bo‘lganlar orasida deputatlar ham bo‘lgan
Ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida Kolumbiya Kongressi Vakillar palatasi deputati Diogen Kintero hamda deputatlikka nomzod Karlos Salsedo ham bo‘lgan. Marhumlarning yaqinlari uchun maxsus ishonch telefoni tashkil etilgan.
Avvalroq Hindistonda bortida bosh vazir bo‘lgan samolyot qulab tushishi natijasida 5 kishi halok bo‘lgan edi.





