
«Korzinka» nomi bilan tarqatilayotgan yutuqli o‘yin firibgarlik ekani ma’lum qilindi
Ijtimoiy tarmoqlarda «Korzinka» supermarketlari nomi bilan qimmatbaho sovg‘alar, jumladan «Volkswagen Tiguan R-Line» avtomashinasi yutuq sifatida qo‘yilgan yolg‘on aksiyalar tarqalmoqda.

Raqobat qo‘mitasi bu holatni firibgarlik deb hisoblab, fuqarolarni ogohlantirdi.
«So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda «Korzinka» supermarketlar tarmog‘i («Anglesey Food» MCHJ XK) nomi bilan yangi do‘kon ochilishi munosabati bilan yutuqli o‘yin o‘tkazilayotgani haqidagi yolg‘on reklama e’lonlari keng tarqaldi. Reklamada go‘yoki ishtirokchilar izoh qoldirish orqali «Volkswagen Tiguan R-Line» avtomashinasini yutib olishi mumkinligi aytilgan», deyiladi xabarda.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lum qilishicha, «Korzinka»ning rasmiy veb-saytlari va ijtimoiy tarmoq sahifalarida bunday aksiya haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Demak, bu xabarlar firibgarlar tomonidan fuqarolarni aldov yo‘li bilan shaxsiy ma’lumotlarini bilib olishga qaratilgan.
Firibgarlar odatda «yutuqni rasmiylashtirish» bahonasida bank kartasi raqamini, SMS orqali jo‘natilgan tasdiqlash kodini yoki shaxsiy hisob ma’lumotlarini so‘raydi. Shu orqali ular hisobdagi mablag‘larni yechib oladi.
Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni ogohlantirib, noma’lum havolalarga kirmaslik, shaxsiy yoki bank ma’lumotlarini begona veb-saytlarga kiritmaslik va shubhali aksiyalar haqidagi ma’lumotni faqat rasmiy manbalar orqali tekshirishni tavsiya qildi.
Internet orqali amalga oshirilayotgan firibgarlik usullari ko‘payib borayotgani bois, mutaxassislar fuqarolarni har qanday «yutuq» yoki «super aksiya» haqidagi xabarlarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishga chaqirmoqda.





