«Ko‘zi ochilmagan mushukchalar»: Rossiya armiyasi «nokdaun» holatiga tushib qoldi

13.02.2026 | 21:166 daqiqa

«SpaceX» «kulrang» terminallarni blokladi, «Roskomnadzor» «Telegram» faoliyatini chekladi — rus armiyasi odatiy aloqa vositalarisiz qanday yo‘l tutmoqda?

«Ko‘zi ochilmagan mushukchalar»: Rossiya armiyasi «nokdaun» holatiga tushib qoldi

4-fevral kuni kechqurun front chizig‘ida rus harbiylari uzoq vaqtdan beri xavotir bilan kutgan voqea yuz berdi. Ilon Maskning «SpaceX» kompaniyasiga tegishli «Starlink» sun’iy yo‘ldosh internet terminallari ommaviy ravishda o‘cha boshladi. Hujumlarni muvofiqlashtirish, dronlarni nishonga yo‘naltirish va evakuatsiya guruhlarini chaqirish uchun messenjerlardan foydalanishga odatlanib qolgan minglab askarlar uchun kutilmagan sukunat boshlandi.

«Ular hozir xuddi ko‘zi ochilmagan mushukchalarga o‘xshab qolishdi», — deya rus bo‘linmalarining holatini tasvirladi Ukraina Bosh shtabi ofitseri POLITICO nashriga bergan izohida.

«Kulrang» terminallar

Rasmon «Starlink» Rossiyada hech qachon ishlamagan — G‘arb sanksiyalari SpaceX uskunalarini yetkazib berishni taqiqlaydi. Biroq rus armiyasi buning aylanma yo‘lini topgan edi: noutbuk hajmidagi minglab terminallar Markaziy Osiyo va BAA orqali kontrabanda yo‘li bilan frontga olib kelingan. Ular «Starlink» qonuniy ishlaydigan mamlakatlarda soxta hujjatlar yordamida faollashtirilgan. Rossiyada bitta «Starlink» qurilmasini 200 ming rubldan (taxminan ikki ming dollar) boshlab sotib olish mumkin bo‘lgan.

11

Ushbu «kulrang» terminallar rus harbiylari uchun rasmiy aloqa tizimlari uddalay olmagan vazifani bajardi: ular tezkor, ishonchli va sodda muvofiqlashtirish vositasiga aylandi. Rossiya harbiylari sun’iy yo‘ldosh interneti yordamida hatto harakatlanayotgan poyezdlarni ham urib tushira oladigan «Geran» dron-kamikadzelarini boshqarishgan. Ular orqali hujumchi guruhlar razvedka malumotlarini olar va artilleriya zarbalarini yo‘naltirib turar edi.

«Gap shundaki, muqobil variantlar yo‘qligi sababli Rossiya Qurolli Kuchlari frontda aloqani tashkil qilishda «kulrang» «Starlink»lardan foydalanmoqda. Xavf shundaki, bu koinotda o‘z narsangni yaratish, doim uzilib qoladigan optik tolali kabellarni tortish, «ko‘priklar» qurish yoki kichik malumotlar paketini uzatish uchun raqamli stansiyalarni ommaviy ishlatishga qaraganda ancha oson yo‘l edi. Endi yo eski usullarga qaytish, yoki shoshilinch ravishda o‘zimizniki bo‘lgan biror narsa o‘ylab topishga to‘g‘ri keladi», — deyiladi urush tarafdori bo‘lgan «Dva mayora» telegram-kanali postida.

Burilish nuqtasi

Fevral oyi boshida Ukraina mudofaa vaziri — avvalgi Raqamli transformatsiya vaziri bo‘lgan va Ukraina davlat boshqaruviga o‘nlab innovatsiyalarni kiritgan — Mixail Fyodorov SpaceX bilan keskin choralar ko‘rishga kelishib oldi. Kompaniya Ukraina hududidagi barcha terminallarni blokladi, faqat «oq ro‘yxat»ga kiritilganlari bundan mustasno. Ro‘yxatlar har 24 soatda yangilab turiladi. Soatiga 90 km dan tezroq harakatlanayotgan har qanday terminal — ularni dronlarda ishlatishning oldini olish uchun — avtomatik tarzda o‘chiriladi.

«Rossiya tomonidan «Starlink»dan ruxsatsiz foydalanishni to‘xtatish uchun ko‘rgan choralarimiz o‘z samarasini bergandek ko‘rinadi», — deb yozdi Mask X ijtimoiy tarmog‘ida.

Natija halokatli bo‘ldi. Ukraina Mudofaa vazirligi maslahatchisi Sergey Beskrestnovning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklarda «shunchaki muammolar emas, balki haqiqiy falokat» yuzaga kelgan.

«Qo‘shinlarni boshqarish tizimi butunlay barbod bo‘lmoqda. Ko‘plab hududlarda hujum operatsiyalari to‘xtab qoldi», — deb yozdi u «Facebook»da.

4

NATOning yuqori martabali vakili The New York Times nashriga malum qilishicha, Ukraina kuchlari Zaporojijya viloyatida aynan Rossiya bo‘linmalari sun’iy yo‘ldosh aloqasidan mahrum bo‘lganidan so‘ng oldinga siljigan. Ukraina Kosivtsevo qishlog‘i ustidan nazorat qaytarilganini elon qildi.

Avvalroq Maskka Rossiyaning «Starlink»dan foydalanishiga chek qo‘yish talabi bilan ochiqdan-ochiq bosim o‘tkazgan Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy yuz bergan voqeani «siyosatdagi eng quvonchli lahzalardan biri» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Varshava tomonidan puli to‘langan 30 mingta terminal «oq ro‘yxat»ga kiritilgan va endi «rossiyaliklar harakatlanayotgan poyezd yoki avtobuslarga zarba bera olmaydi».

Qo‘shaloq zarba

Biroq ko‘ngilsizliklar shu bilan tugamadi. Rus harbiylari hali «Starlink»dan ayrilganini hazm qilib ulgurmasidan, 10-fevral kuni Roskomnadzor «Telegram» — har ikki armiya uchun amalda «cho‘ntakdagi dala shtabi»ga aylangan messenjerga nisbatan cheklovlarni kuchaytirdi.

Urush tarafdori bo‘lgan «Z-hamjamiyat»ning bunga munosabati juda keskin bo‘ldi.

«Minglab harbiy xizmatchilar aloqasiz qolib ketadi, bu esa davom etayotgan hujum sharoitida ayanchli oqibatlarga olib keladi», — deya ogohlantirdi «Arxangel spetsnaza» kanali.

Harbiy muxbir Aleksandr Sladkov hozirda ko‘plab okoplarda yangrayotgan savolni o‘rtaga tashladi: «Urushda «Telegram»ning o‘rnini nima bosadi? G‘arb o‘chirilgan «Starlink» bilan bizni nokdaun holatiga tushirib qo‘ydi. Endi esa boshqaruv va aloqa uchun mavjud bo‘lgan oxirgi imkoniyatni ham ko‘myapmiz... Biz endi qanday g‘alaba qozonamiz, qaysi vositalar bilan? «Araxid» va TA-57 bilanmi? Shu, xolosmi?».

(TA-57 — 1957 yilda ishlab chiqilgan sovet dala telefoni)

«Adolatli Rossiya» partiyasi yetakchisi Sergey Mironov blokirovka tashabbuskorlarini «pastkashlar» va «ahmoqlar» deb atab, ularni jang maydoniga yuborish kerakligini aytdi. «Telegram» asoschisi Pavel Durov yuz berayotgan voqealarni «fuqarolar erkinligini cheklash» va rossiyaliklarni «davlat nazoratidagi, kuzatuv uchun yaratilgan ilovalarga» majburlash deb baholadi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov frontdagi aloqa messenjer orqali ta’minlanishini «tasavvur qilish qiyin»ligini aytib, vaziyatni yumshatishga urindi. Harbiy muxbir Platon Mamatov esa bunga javoban «Telegram» orqali aynan nimalar qilinishini sanab o‘tdi: bo‘linmalar harakatini muvofiqlashtirish, razvedka malumotlari almashinuvi, nishonlarni belgilash, zarbalar natijasini nazorat qilish, logistika va yaradorlarni evakuatsiya qilish.

5

«Urushning to‘rt yili davomida ushbu aloqa usuliga munosib muqobil topilmadi. Yaqin kelajakda ham kutilmayapti», — deya xulosa qildi u.

Nega muqobil variantlar yo‘q?

Rossiya armiyasining muammosi harbiy aloqa tizimlari yo‘qligida emas — ular bor. «Strelets-M», «Operator», «Sozvezdiye-M2» kabi nomlar shunchaki qog‘ozdagi loyihalar emas, balki real ishlanmalardir. Biroq ulardan foydalanish uchun maxsus himoyalangan operatsion tizimda ishlovchi uskunalar, xodimlarni o‘qitish, vaqt va katta mablag‘ talab etiladi. Smartfonga «Telegram» o‘rnatish uchun esa bularning hech biri kerak emas.

Shuningdek, Rossiyada «Starlink» bilan tezlik, qamrov va barqarorlik jihatidan raqobatlasha oladigan sun’iy yo‘ldosh tizimi ham mavjud emas. Shaxsiy tarmoqni yaratish loyihasi esa kechikmoqda — ilk qurilmalarni koinotga uchirish 2026 yilga ko‘chirilgan.

Vaqtinchalik xotirjamlikmi?

Shunga qaramay, «Starlink»ning o‘chirilishi urushda butunlay burilish yasashi dargumon. Ukrainalik dron mutaxassisi Andrey Proninning fikricha, bu g‘alabani kafolatlovchi yagona omil emas.

«Ularga qiyin bo‘ladi, lekin baribir aloqani tiklab olishadi», — deydi u.

Ukraina Qurolli Kuchlari boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari, general-leytenant Igor Romanenkoning fikricha, rus qo‘shinlariga muqobil aloqa vositalariga — radiostansiya, Wi-Fi, optik tolali kabellar va mobil internetga o‘tish uchun bir necha hafta vaqt kerak bo‘ladi.

Shu bilan birga, Kiyev yangi xavfdan ogohlantirmoqda: rossiyaliklar terminallarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ukrainaliklarni yollashga urinmoqda. Harbiy asirlar bilan ishlash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtabning malum qilishicha, asirlikdagi ukrainalik askarlarning oilalariga tahdid qilinib, ulardan «Starlink»ni o‘z nomlariga rasmiylashtirish talab qilingan holatlar aniqlangan. Bitta terminalni ro‘yxatga olish uchun 230 dollargacha pul taklif qilinmoqda — bu Ukrainadagi o‘rtacha oylik maoshning qariyb uchdan bir qismiga teng.

6

«Dushman uchun «Starlink» shunchalik muhimki, ular sotqinlarni qidirish bo‘yicha butun boshli tarmoqni ishga tushirishdi», — deb yozdi Mudofaa vazirligi maslahatchisi Beskrestnov.

Bloomberg keltirgan G‘arb razvedkasi malumotlariga ko‘ra, yanvar oyida Rossiya armiyasining yo‘qotishlari uzoq vaqt ichida ilk bor yangi shartnoma bo‘yicha xizmatga kelganlar sonidan 9 ming kishiga oshib ketgan. Bu vazir Fyodorovning dushman talafotlarini oyiga 50 ming kishiga yetkazish haqidagi strategiyasi natija bera boshlaganini anglatadimi? Bunda aynan aloqa muammolari qanchalik rol o‘ynaganini hozircha baholash qiyin.

Biroq haqiqat shundaki, Rossiya armiyasida na «Starlink»», na «Telegram»ning muqobili bor. «Aql janglari» davrida esa «ko‘r-ko‘rona» urushish — mag‘lubiyatga rozi bo‘lish bilan barobardir.

 

Teglar

Mavzuga oid