Kredit stavkalari pasayishda davom etmoqda — Markaziy bank
Aprel oyida milliy valutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 19,7 foizgacha pasaydi, imtiyozli kreditlar esa 10 foizdan past darajada saqlanmoqda.

O‘zbekistonda milliy valutada ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalari so‘nggi oylarda pasayish tendensiyasini saqlab qolmoqda. Markaziy bankning 2026 yil aprel oyi uchun e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, milliy valutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan nominal foiz stavkasi 19,7 foizni tashkil etgan.
Aprel oyida jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlarning o‘rtacha stavkasi 20,4 foiz bo‘lgan bo‘lsa, yuridik shaxslar uchun bu ko‘rsatkich 19,4 foizni tashkil qildi. Bir yilgacha bo‘lgan kreditlar nisbatan qimmatligicha qolmoqda: aholi uchun bunday kreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 25,6 foiz, biznes uchun esa 21,1 foiz bo‘lgan.
Shu bilan birga, tijorat kreditlari bo‘yicha ham foiz stavkalari pasaygan. Aprel oyida tijorat kreditlarining o‘rtacha stavkasi 22 foizni tashkil etdi. Jismoniy shaxslarga berilgan tijorat kreditlari bo‘yicha stavka 21,3 foizga, yuridik shaxslar uchun esa 22,6 foizga teng bo‘ldi.
Imtiyozli kreditlar bo‘yicha stavkalar ancha past darajada saqlanmoqda. Hisobot davrida ularning o‘rtacha foiz stavkasi 9,3 foizni tashkil etgan. Jismoniy shaxslarga ajratilgan imtiyozli kreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 11,1 foiz, yuridik shaxslar uchun esa 8,9 foiz bo‘lgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, aholining inflyatsion kutilmalari aprel oyida 10,6 foizgacha, biznes subyektlarining inflyatsion kutilmalari esa 10,3 foizgacha pasaygan. Bu esa kreditlar bo‘yicha real foiz stavkalari ijobiy hududda saqlanib qolishiga xizmat qilmoqda.
Xususan, milliy valutadagi kreditlar bo‘yicha real foiz stavkasi jismoniy shaxslar uchun 8,8 foiz, yuridik shaxslar uchun 8,2 foizni tashkil etgan. Tijorat kreditlarida ushbu ko‘rsatkich mos ravishda 9,7 va 11,1 foizga teng bo‘lgan.
Chet el valutasida ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi esa 10,2 foizni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 0,2 foiz punktga yuqori.





