add

«Kredit stavkalari qo‘shni va rivojlangan davlatlarnikidan yuqori emas» — Markaziy bank

30.01.2026 | 09:352 daqiqa

Kredit foiz stavkalari o‘tgan yil oxiriga nisbatan biroz pasaydi va Markaziy bank yaqin oylarda ham bu jarayon davom etishini kutmoqda.

«Kredit stavkalari qo‘shni va rivojlangan davlatlarnikidan yuqori emas» — Markaziy bank© Foto: Vaqt.uz

O‘zbekistonda o‘rtacha kredit stavkalari o‘tgan yil oxiriga nisbatan qisman pasaygan. Bu haqda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Ochilov asosiy stavka bo‘yicha matbuot anjumanida izoh berdi.

Uning aytishicha, O‘zbekistondagi kredit va asosiy stavkalar mintaqadagi boshqa davlatlar bilan solishtirilganda mutlaqo baland emas.

«Qo‘shni mamlakatlarda ham, masalan Qozog‘iston bilan solishtirganda ham, biz chakana kreditlarni ham yoki uning asosiy stavkasini ham qaraydigan bo‘lsak, bugungi kunda Qozog‘istonda asosiy stavka darajasi bizdan baland. Rossiyada ham xuddi shunday», — dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.

Ochilovning ta’kidlashicha, iqtisodiyot siklik jarayon bo‘lgani sababli ayrim davrlarda inflatsiya bosimi kuchayadi va bunga javoban Markaziy banklar stavkalarni oshiradi. Natijada iqtisodiyot ushbu stavkalarga moslashadi.

«Agar har bir instrument kesimida qaraydigan bo‘lsak, ko‘plab asosiy instrumentlar bo‘yicha bizdagi stavkalar qo‘shni, hatto rivojlangan davlatlardagidan ham yuqori emas», — dedi u.

Masalan, AQSH va Yevropa mamlakatlarida ham ayrim chakana kredit turlari bo‘yicha yillik foiz stavkalari 30 foizgacha yetishi mumkin. Bu masala bo‘yicha so‘nggi paytlarda ayrim davlatlarda ma’muriyat tomonidan ham turli topshiriqlar berilgan.

Markaziy bank raisi o‘rinbosarining aytishicha, iqtisodiyot segmentlari kesimida qaralganda, ishlab chiqarish va investitsion kreditlar bo‘yicha, shuningdek, imtiyozli kredit dasturlari doirasida stavkalar nisbatan past.

Bugungi kunda bunday kreditlar bo‘yicha foizlar 12–14 foiz atrofida shakllanmoqda. Biroq risk darajasi yuqori va talab katta bo‘lgan kredit instrumentlari bo‘yicha foizlarning balandligi banklar tomonidan risklarni baholash, daromadlilik va kreditlarning qaytishi bilan bog‘liq.

Ochilovning ta’kidlashicha, mamlakat iqtisodiyotida o‘rtacha kredit foiz stavkalari o‘tgan yil oxiriga nisbatan qisman pasaygan. Bu haqda Markaziy bank rasmiy sahifalarida ham ma’lumot berilgan. Kelgusida ham pasayish davom etishi kutilmoqda. Bu, avvalo, investitsion va uzoq muddatli kreditlar bo‘yicha stavkalarning tushishi bilan bog‘liq bo‘ladi.

Shu bilan birga, yana bir muhim tendensiya qayd etildi: chakana biznes ulushiga mutanosib ravishda kichik biznesni kreditlash hajmlari oshmoqda. Kichik biznes kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari esa nisbatan past hisoblanadi. Markaziy bank ushbu tendensiya kelgusida ham davom etishini kutmoqda.

Teglar

Mavzuga oid